Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moziydan so‘zlovchi ko‘rgazma
16:25 / 2022-02-09

Termiz shahridagi «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasida kecha va bugun mavzusiga bag‘ishlangan «Surxondaryo viloyatining o‘rta asrlar me’morchiligi va ziyorat ob’ektlari» nomli foto-video ko‘rgazma ish boshladi.

Surxondaryo viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tasviriy san’at ustalari, hunarmandlar, Termiz davlat universiteti va Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabalari, o‘quvchi-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bunday ulug‘vor ishlar ichki va ziyorat turizmini yangi bosqichda yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Prezidentimizning 2021 yil 2 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Boy tarixga ega Surxon vohasida 561 ta madaniy meros ob’ekti mavjud. Ularning 40 dan ortig‘i ziyorat turizmi, 450 ga yaqini arxeologik, 36 tasi arxitektura yodgorliklaridir.  

Ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otgan foto-video ko‘rgazmada muzey-qo‘riqxona ilmiy xodimi Saidjon Rajabov tadbirning mazmun-mohiyati va Surxondaryo viloyatining o‘rta asrlar me’morchiligi hamda ziyorat ob’ektlarining sayyohlikni rivojlantirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berdi. Noyob videorolik va fotosuratlarda muhrlangan yodgorliklarning o‘tmishdagi va bugungi qiyofasi xususida fikr almashdi.  
Ko‘rgazmadan Hakim Termiziy, Sulton Saodat, Iso Termiziy, So‘fi Olloyor, Mavlono Zohid kabi buyuk ajdodlarimizning xoki mangu qo‘nim topgan so‘lim maskanlar, Jarqo‘rg‘on minorasi, Omonxona shifobaxsh bulog‘i, Sangardak sharsharasi singari yodgorlik va so‘lim go‘shalarga keng o‘rin berilgan. 

– Bu muzeyda ilk marta bo‘lishim, – deydi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Bekmuhammad Muhammadiy. – Ko‘rgazmani tomosha qilib, davlatlarimizning tarixiy obidalari ham bir biriga o‘xshashligiga guvoh bo‘ldim. Men tug‘ilib, kamolga yetgan Saripul viloyatida benazir ajdodimiz, buyuk mutafakkir, atoqli davlat arbobi Mir Alisher Navoiy o‘z zamonida bunyod ettirgan va hozirgacha saqlanib qolgan ko‘prikka o‘xshash yodgorliklar mavjudligidan quvondim. Muqaddas qadamjolarga qaratilayotgan e’tibordan faxr hissini tuydim. Ayniqsa, bu ko‘rgazmada ajdodlarimiz tomonidan o‘tmishdagi nafis me’morchilik san’ati asosida bunyod etilgan obidalarning o‘tgan asrdagi holati va bugungi nurli qiyofasi bizda boy taassurot uyg‘otdi.  

Tadbir doirasida viloyat hunarmandlarining ko‘chma ko‘rgazmalari va savdo rastalari, yosh rassomlarning rasm chizish bo‘yicha master-klasslari ham tashkil etildi.  


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA