Tarix ajdodlarimiz bizga qoldirgan boshqotirmalarga boy. O‘tmish sahifalari faqat voqealar solnomasi emas, balki ajdodlar zakovatining sinov maydonidir. Biz sizni o‘tmishimizga oid qiziqarli jumboqlarning yechimini topishga chorlaymiz. O‘z tafakkuringizni sinab ko‘ring va tariximizning ajib sirlarini oching.
BIRINCHI JUMBOQ
IX–XIII asrlar Movarounnahr shaharlari – bu aholi zich yashaydigan, hunarmandchilik ustaxonalari va savdo do‘konlari yonma-yon joylashgan, hayot qaynagan megapolislar edi. Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, turar-joylar shu darajada tig‘iz qurilganki, deyarli bo‘sh yer qolmagan. Endi tasavvur qiling: minglab xonadonlar, o‘nlab novvoyxonalar, temirchilik, kulolchilik ustaxonalari... Bularning baridan har kuni ulkan miqdorda maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari chiqqan. Markazlashgan chiqindi yig‘ish xizmati bo‘lmagan o‘sha davrda bu chiqindilar qayerga yo‘qolgan? Nima uchun shaharlar chiqindixonaga aylanib, yuqumli kasalliklar o‘chog‘iga aylanmagan? Axir, tarixiy manbalar, aksincha, shaharlarning tozaligini maqtaydi. Demak, ajdodlarimizda bu muammoning oddiy, lekin juda samarali yechimi bo‘lgan.
Savol: Har bir xonadon va ustaxonada deyarli majburiy bo‘lgan, shaharlarni chiqindidan xalos etgan ushbu maxsus muhandislik inshooti nima deb atalgan?
IKKINCHI JUMBOQ
O‘rta asrlarning eng yirik va boy shaharlaridan biri Marv vohasi doimo suv taqchilligini boshdan kechirgan. Shaharga Mug‘rob daryosidan bir nechta yirik kanallar orqali suv kelgan bo‘lsa-da, uni minglab xonadonlar, hunarmandchilik ustaxonalari va bog‘lar o‘rtasida adolatli taqsimlash o‘ta murakkab vazifa edi. Bu masala shunchalik muhim bo‘lganki, uni nazorat qilish uchun “daryo devoni” (devoni rud) deb nomlangan butun bir davlat idorasi tuzilgan. Arab geografi Istaxriyning yozishicha, shahar ichidagi har bir ariq va mahallaga suv taqsimlashda qat’iy tartibga amal qilingan. Suvni taqsimlashda biror-bir xonadon yoki mahallaning haqiga xiyonat qilinmasligi kerak edi. Buning uchun suv oqimini aniq o‘lchash va nazorat qilish talab etilardi. Lekin o‘sha davrda suv sarfini o‘lchaydigan zamonaviy asboblar bo‘lmagan. Shunga qaramay, ajdodlarimiz bu muammoning juda oddiy, ammo o‘ta samarali yechimini topganlar.
Savol: Marvda kanallardan mahallalarga oqib kirayotgan suv miqdorini aniq o‘lchash va nazorat qilish uchun qo‘llanilgan maxsus moslama – suv o‘lchagichlar qanday ko‘rinishda bo‘lgan?
UCHINCHI JUMOQ
Samarqanddagi Afrosiyob yoki Xorazmdagi Qizqal’a kabi ko‘plab qadimgi shaharlar va qal’alar xavfsizlik nuqtai nazaridan baland tepaliklar ustiga qurilgan. Bu mudofaa uchun juda qulay bo‘lsa-da, bir ulkan muammoni keltirib chiqargan: bunday balandlikni uzluksiz suv bilan qanday ta’minlash mumkin? Daryo yoki kanallar pastlikda oqadi. Suvni tepaga olib chiqish uchun zamonaviy nasoslar bo‘lmagan. Albatta, maxsus suv ko‘tarish g‘ildiraklari – chig‘iriqlardan foydalanish mumkin edi, lekin bu usul ham cheklangan balandlikda ishlagan va doimiy inson mehnatini talab qilgan. Biroq, tarixiy manbalar va arxeologik topilmalar, masalan, qo‘rg‘oshin quvurlar yoki yer ostidan o‘tkazilgan sopol quvurlar tarmog‘i, suvni ancha uzoq masofaga va balandlikka yetkazib beradigan boshqa, ancha samarali texnologiya mavjud bo‘lganidan darak beradi. Ajdodlarimiz buning uchun oddiy, lekin o‘sha davr uchun inqilobiy hisoblangan fizik qonuniyatdan foydalanganlar.
Savol: Suvni nasossiz, pastlikdan tepalikka yoki vodiyning bir tomonidan ikkinchi tomoniga quvurlar orqali olib o‘tish uchun qadimgi muhandislar fizikaning qaysi qonuniga asoslangan tizimni qo‘llaganlar?
Ushbu uch jumboqning javobi keyingi maqolada e’lon qilinadi. Ularning javoblarini topishga harakat qilib ko‘ring.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA