Yangi yil arafasida Markaziy ko‘rgazmalar zalida an’anaviy “Rassom va tabiat” ko‘rgazmasi ochildi.
Bu yil loyiha o‘zining 40 yilligini nishonlamoqda. Bu shubhasiz, o‘zbek san’ati tarixidagi eng uzoq davom etgan va eng muvaffaqiyatli ko‘rgazma loyihasi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Qadim zamonlardan beri tabiat rassomlarni ilhomlantirib kelgan va bu faqat manzara janri ustalarigagina xos emas.
Ochiq osmon ostida - plenerda ishlash yosh rassomlar tayyorgarligining ajralmas qismi bo‘lib kelgan, yetuk ustalar uchun esa yangi asarlar yaratishda ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan.

Ayrim ijodkorlar - Ye.Melnikov yoki G.Chiganov singari - asarlarini bevosita plenerda yaratgan bo‘lsa, boshqalar tabiatdan olgan taassurotlarini ustaxonada, xotira asosida A.Volkov kabi yoki etyudlar asosida – O‘.Tansiqboyev singari ishlaganlar. Zero, tabiat har doim rassomlar - rangtasvirchilar, akvarelchilar va haykaltaroshlar e’tiborida bo‘lib kelgan va hozir ham shunday.
1985 yilda plenerchi rassomlar guruhi o‘z asarlarini ilk bor ko‘rgazmada namoyish etib, keyinchalik yillik an’anaga aylangan loyiha asosini qo‘ydi. Loyihaning tashabbuskorlari Yevgeniy Melnikov, Yuriy Strelnikov hamda ko‘plab plener ishtirokchilari - Yuriy Taldikin, Grigoriy Zilberman, Veniamin Akudin, Rimma Gagloyeva, Vladimir Chub, Yuriy Chernishev, Yanis Salpinkidi, Aleksandr Ponomaryov, Dilyus Mursalimov, Iskra Shin, Valeriy Enin, Viktoriya Troshina va boshqalar bo‘lgan. Chimyon, Oqtosh, Parkent, Boysun tog‘oldi hududlari rassomlar uchun haqiqiy ziyorat maskaniga aylangan.

2013 yilda esa “Sarchashma” nomli yangi plenerchilar guruhi tashkil etildi. Uning tarkibiga taniqli rassomlar - Sobir Raxmetov, Fayzullaxon Ahmadaliyev, Akmal Nur, Qudrat Ajimetov, Anvar Mirsoatov va boshqalar bor edi.
Yubiley ko‘rgazmasini retrospektiv tarzda o‘tkazishga qaror qilindi. Unda ustoz rassomlarning Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondidan olingan manzara asarlari hamda 300 dan ortiq yangi mualliflik ishlari namoyish etilmoqda.
Rangtasvir an’anaviy ravishda yetakchi o‘rinni egallab, ijodiy uslublar xilma-xilligi, ranglar boyligi va his-tuyg‘ular rang-barangligi bilan hayratga soladi.
Ko‘rgazmadagi kartinalar mualliflari mamlakatimiz milliy tasviriy san’atiga tamal toshini qo‘ygan ustoz-rassomlardan tortib bugungi kunda faol ijod qilayotgan mo‘yqalam sohiblaridan tarkib topgani e’tiborga molik.
Ekspozitsiyada animalistik asarlar, haykaltaroshlik kompozitsiyalari, shuningdek, zargarlik, plastika ishlari ham o‘rin olgan. Ushbu yubiley vernisaji - bu tabiatga bag‘ishlangan o‘ziga xos madhiya bo‘lib, u energiya, fantaziya, kuzatuvchanlik va atrof-muhitga bo‘lgan cheksiz muhabbat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgani e’tiborga molik.
N.Usmonova,
O‘zA