Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Mo‘ynoqqa madad" ekologik xayriya velomarafoniga Toshkent shahri mezbonlik qildi
15:59 / 2021-05-25

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozgan "Mo‘ynoqqa madad" ekologik xayriya velomarafoniga bugun Toshkent shahri mezbonlik qildi. Marafon poytaxtimizdagi muhtasham "Humo arena" muz saroyi oldidan start oldi.

Tadbirning tantanali  ochilish marosimida Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev, O‘zbekiston  Ekologik partiyasi markaziy  kengashi  ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.   

 

– Mazkur ekologik velomarafon nafaqat Orolbo‘yi aholisining turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shadi, balki  mamlakatimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi,  – deydi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev. – Ahamiyatlisi, mazkur ekovelomarafonda yaqinda tuzilgan para-velosport bo‘yicha terma jamoa vakillari hamda faxriylar ham ishtirok etdi.  

Eslatib o‘tamiz: ekovelomarafonda professional velosportchilar, havaskor hamda volontyorlar  ishtirok etmoqda. Mazkur loyihadan tushgan mablag‘lar  Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining  turmush sharoitlarini yaxshilashga, jumladan, Mo‘ynoq tumani Ali ovul qishlog‘ini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi.

21 may kuni Andijon viloyatining Xonobod shahridan start olgan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni 5 iyunda Mo‘ynoq shahrida yakunlanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA