Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni Samarqandda
15:30 / 2021-05-28

O‘zbekiston ekologik partiyasi, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni Samarqandda ham ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi.

Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat butazorlar barpo etish, hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik e’tiborini ekologik muammolar yechimiga qaratish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng jalb etish maqsadida o‘tkazilayotgan ekologik xayriya velomarafonida uning dastlabki bosqichlaridan boshlab ishtirok etayotgan velosportchilar bilan birga samarqandlik sportchilar va havaskorlardan iborat ikki yuzga yaqin ishtirokchi Samarqand bosqichida qatnashdi.

Velomarafon Samarqand viloyat bosqichida viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamatqulov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi N.Oblomurodov va boshqalar so‘zga chiqib, Orol muammosi bugungi kunda butun dunyoni tashvishga solayotgan global ekologik muammolardan biri ekanligini ta’kidlab, Prezidentimiz tomonidan ushbu masalaga o‘tgan yilning sentyabrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida xalqaro hamjamiyat e’tibori yana bir qaratilgani bejizga emasligi qayd etildi. Yaqinda esa BMT Bosh Assambleyasi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

– Ekologik xayriya velomarafonining o‘tkazilishidan asosiy maqsad Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning ixtiyoriylik asosida xayriya va homiylik mablag‘larini jalb etishdan iborat, — deydi O‘zbekiston ekologik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi Baxtiyor Abdullayev. — Xayriya marafonidan tushgan mablag‘lar Mo‘ynoq tumanidagi “Aliovul” ovulini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Samarqandda o‘tkazilgan ekologik xayriya marafonining birinchi kungi bahslari shaharning tarixiy obidalari bo‘ylab tashkil etilib, velosportchilar umumiy 55 km. masofani bosib o‘tishdi. Ushbu masofa oralig‘ida sportchilar Registon maydonidan boshlab Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur masjidi, Hazrati Xizr majmuasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi orqali shaharning Ibn Sino ko‘chasigacha harakatlanib qaytishdi.

- Velomarafonning ilk bosqichi – Andijon viloyatining Xonobod tumani markazidan boshlab ishtirok etib kelyapman, – deydi andijonlik ishtirokchi Xumoyunmirzo Abduxalilov. – Eng muhimi, velomarafon orqali yurtimizning turli hududlaridagi o‘ziga xosliklar bilan tanishib, betakror tabiati va turmush sharoitlari bilan tanishayapmiz. Bugun Samarqandning betakror tarixiy obidalari bo‘ylab o‘tkazilgan velomarafonda ishtirok etib, jismoniy holatimizni yaxshilash bilan birga, boy madaniy meros bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

“Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonining birinchi kungi ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Kechqurun Samarqand shahridagi “Nurafshon” madaniyat saroyida “Mo‘ynoqqa madad” velomarafon ishtirokchilari va keng jamoatchilik uchun xayriya konserti tashkil etiladi.

Marafonning ikkinchi kuni ekovelomarafon ishtirokchilari Registon-Maxdumi A’zam ziyoratgohi yo‘nalishidagi 50 kilometr masofani bosib o‘tishi belgilangan.

[gallery-2581]

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA