Prezidentimiz rahbarligida Orolbo‘yining chekka hududlaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumanini kompleks rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan ishlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
[gallery-8002]
Qarorga muvofiq, 2019-2021 yillarda jami 105 ta loyihani amalga oshirish orqali 2179 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan edi. Shundan 176 milliard 712 million so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilishi hisobidan 78 ta loyihani amalga oshirish orqali 451 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat sohasidagi loyihalarning biri “MOYNOQ MINERAL TUZI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 40 milliard so‘m bo‘lgan ekstra tuzlari va ularni qadoqlash uchun polipropilen qoplar ishlab chiqarish loyihasi, xizmat ko‘rsatish sohasida “MOYNAQ METAN” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 3 milliard 500 million so‘m bo‘lgan avtomobillarga qisilgan (metan) gaz quyish shoxobchasini tashkil etish loyihasi amalga oshirildi.
Qarorga muvofiq, 2019-2021 yillar davomida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga 1 trillion 485 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lsa, shundan yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 6 ta ob’ektda umumiy qiymati 51 milliard 430 million so‘mlik, elektr ta’minoti sohasidagi 4 ta ob’ektda umumiy qiymati 9 milliard 289 million so‘mlik, ichimlik suvi va oqova suv ta’minotidagi 10 ta ob’ektda smeta bahosi 36 milliard 869 million so‘mlik, maktabgacha ta’lim va umumta’lim sohasidagi 17 ta ob’ektda smeta bahosi 57 milliard 697 million so‘mlik, sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli 9 ta ob’ektda 13 milliard 367 million so‘mlik, madaniyat sohasidagi 6 ta ob’ektda 29 milliard 411 million so‘mlik, bolalar sportning rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 4 ta ob’ektda 16 milliard 910 million so‘mlik va boshqa ob’ektlarda qurilish, rekonstruksiya ishlari olib borildi.
Natijada tuman markazida ixtisoslashtirilgan innovatsiya maktabi, tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limi, bolalar musiqa va san’at maktabi, ochiq teatr, sport maktabi, yopiq suzish havzasi, yoshlar markazi, aeroport binolarining qurilishi, madaniyat bo‘limi binosi, futbol maydonchasi foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati injiniring kompaniyasi tomonidan 20 ta ko‘p qavatli turar joy qurilib, o‘z egalariga topshirildi.
2022-2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida 1000 gektar maydonda “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 18 yanvardagi “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlari barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilindi. Hozirgi kunda Orol dengizining qurigan tubida 100 ming gektar maydonda saksovul, qoraburoq, qandim va boshqa tuzga chidamli o‘simliklarni ekish ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, mamlakatimizning viloyatlari Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida Qoraqalpog‘istondagi tumanlarga biriktirilgan. Shu jumladan, tumanga biriktirilgan Toshkent viloyati tomonidan 2022-2023 yillar mobaynida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy narxi 860,1 milliard so‘mlik 54 ta loyiha amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihalarning amalga oshishi natijasida 1600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA