Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘ynoqning kechagi va bugungi manzaralari (+video)
18:14 / 2025-07-10

Markaziy Osiyoning o‘tgan asrdagi eng fojeali hodisasi Orol dengizining qurishi va uning oqibatida mintaqada yuzaga kelgan ekologik vaziyat butun insoniyat boshiga katta tashvish keltirdi. Bu mavzuda jahon va yurtimiz jamoatchiligi bong urdi, oliy darajadagi minbarlardan ko‘p bora aytildi.

Bugungi kunda ham ushbu mavzu dolzarbligicha qolayotgani uchun doimo keng jamoatchikning muhokamalari markazida. Ushbu muammoga yana bir bor e’tiborni qaratish maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tashabbusi bilan Toshkent fotosuratlar uyida “Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda Mo‘ynoqning tarixi, dengiz porti bo‘lgan davrdan to bugungi kungacha qamrab olingan islohotlari noyob fotosuratlarda aks etgan. Ushbu ekspozitsiya orqali tomoshabinlar o‘tgan asrning ekologik fojeasini yaqindan his etadi, insonning tabiatga ta’siri tufayli yuzaga keladigan oqibatlarni yaqindan ko‘ra oladi.

Arxiv fotosuratlarda Mo‘ynoqning rivojlangan davri aks etgan: Orol dengizi suvlarining tiniq ranglari, jilosi, kengligi, baliqchilarning baxtli chehrasi, ishlayotgan zavodlar, xullas dengiz bo‘yidagi jo‘shqin hayot o‘z ifodasini topdi. Zamonaviy fotosuratlarda esa bugungi Mo‘ynoq qad ko‘taradi: baland imoratlar, o‘zgargan tabiat manzaralari, qumlar orasida qolgan kemalar, shu yerliklarning hayoti va faoliyati. Endi bu rasmlarda xursandchilik o‘rnini g‘amginlik, jo‘shqinlik o‘rnini sokinlik egallagan. 

Keyingi qatorlardagi fotosuratlarda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan Orolbo‘yini tiklash ishlari doirasida qilingan islohotlar, bunyodkorliklar, xalqning turmush farovonligi o‘zgargani, yigit-qizlarning intilishlari va quvnoq chehralari rangli tasvirlarda muhrlangan. 

“O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar Milliy arxivi tomonidan taqdim etilgan ushbu noyob fotosuratlarning barchasi chuqur ma’noga ega va ularni diqqat bilan kuzatar ekansiz Mo‘ynoq faqatgina Orol dengizi qurishining og‘ir oqibatlaridan jabr chekkan hudud sifatida emas, balki allaqachon o‘zgarishlar yuz berayotgan, kelajakka dadil qadam qo‘ygan, barqaror rivojlanish sari yuz tutgan va orzu-umidlar makoniga aylana boshlagan mintaqa sifatida ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WeAtWmPjiMY" title="TAYYOR OROL" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA