Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘ynoqdagi “Qiziljar” ovul fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi
21:35 / 2022-10-21

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda mahalla instituti tubdan takomillashtirilmoqda. Mahallada ishlovchilarning huquq va vakolatlari kengaydi, mas’uliyati oshdi. Chunki mahalla jamiyatning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi.

Mo‘ynoq tumanidagi “Ali ovul” qishlog‘ida “Qiziljar” ovul fuqarolar yig‘ini yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Mo‘ynoq tumaniga qaratilayotgan e’tibor, keyingi bir yil davomida mazkur hududda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, olis hudud aholisi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha qilingan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.

Tadbirda mutasaddilar tomonidan ovul oqsoqollariga ramziy kalit topshirildi. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari ovul fuqarolar yig‘ini binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etilishicha, “Qiziljar” ovul fuqarolar yig‘inining yangi binosida joylashgan madaniyat zalida aholining madaniy hordiq chiqarishi, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. U yerda 100 nafar tomoshabinning ko‘ngildagidek hordiq chiqarishi imkoniyati mavjud. O‘rindiqlarning shinamligi va rangining to‘g‘ri tanlangani ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Zamonaviy isitish va sovitish moslamalari esa barcha mavsumda tadbirlarni ko‘ngildagidek tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Ali ovul” qishlog‘ida barcha zamonaviy sharoitlarga ega tibbiyot punkti ham foydalanishga topshirildi. Ahamiyatlisi shundaki, endilikda ovulning qariyb 2 ming nafarga yaqin aholisiga shu yerda sifatli bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan 2021 yilning 21 may – 5 iyun kunlarida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab xayriya velomarafoni o‘tkazildi. Andijon viloyatining Xonobod qishlog‘idan boshlangan marafon butun mamlakat miqyosida ko‘tarinki ruhda tashkil qilindi va Mo‘ynoq tumanigacha davom etdi.

Xayriya marafonidan tushgan mablag‘lar “Ali ovul” qishlog‘ini obodonlashtirish, barcha sharoitlarga ega ovul fuqarolar yig‘ini binosi, bolalar va futbol maydonchasini bunyod etish, bog‘ barpo qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini ta’mirlash, hududda yo‘l, ichimlik suvi va elektr muammosini hal etish kabi xayrli maqsadlarga sarflandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA