Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi hududida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Dengizning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat o‘rmonzorlar barpo etilayotgani, Orolbo‘yi aholisining munosib turmush sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar shular jumlasidandir.
Bir paytlar dengiz porti bo‘lgan Mo‘ynoq dengizdan yuzlab kilometr olisda joylashgani ayni haqiqat. Tumandagi “Aliovul” qishlog‘i tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda 3 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. “Aliovul”da yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash, shuningdek, bu yerda munosib infratuzilmani barpo etish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda.

– Televizorda “Obod qishloq” dasturi asosida obod bo‘layotgan qishloq va ovullarni havas bilan kuzatib, kun kelib bizning Aliovulda ulkan hajmdagi obodonlashtirish ishlarining olib borilishi xayolimga ham kelmagan edi, – deydi ovul oqsoqoli Majid Sherniyazov. – Bu kabi ishlarda ovulimizning yoshu qarisi dasturning amalga oshirilishiga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan.

Bir so‘z bilan aytganda, “Aliovul”da obodonlashtirish ishlari qizg‘in pallaga kirdi.
Shuningdek, mazkur ovulda Nukus shahri va Mo‘ynoq tumani markazidan kelgan bir guruh shifokorlar bo‘lib turibdi. Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilayotgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar davomida ovul ahli ultratovush, UZI, EKG tekshiruvlaridan o‘tkazilib, mobil laboratoriyada qon tahlili bilan bir necha soniyada tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Bundan tashqari "Aliovul"da “mobil davlat xizmatlari” avtobusida 100 dan ziyod davlat xizmatlari taqdim etilmoqda.

Qayd etish kerakki, olib borilayotgan bu kabi ishlardan "Aliovul" qishlog‘i aholisi minnatdor.
Berdax JIENBAEV,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bosh mutaxassisi