Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mo‘ynoqda ilmiy-tadqiqot stansiyasi ochildi
16:52 / 2025-12-02

Orol dengizining qurigan tubida yuzaga kelayotgan dolzarb ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar uchun Mo‘ynoq tumani markazidan 65 km uzoqlikdagi hududda maxsus ilmiy-tadqiqot stansiyasi ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.b. Asror Norov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot loyihalarining rahbarlari va loyiha ijrochilari ishtirok etishdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida Orolbo‘yi hududida aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mahalliy ekotizimni tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orolbo‘yida ekologik va ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mavjud muammolarga samarali yechim topish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan edi. Shu asosda o‘tgan yillar davomida umumiy qiymati 15,7 milliard so‘mlik 17 ta loyiha moliyalashtirilgan bo‘lsa,  joriy yilda 57,1 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Shunday loyihalar qatorida foydalanishga topshirilgan stansiya ekologik tiklash ishlarini samarali nazorat qilish, sho‘rga chidamli o‘simliklar o‘sishini kuzatish va samarali ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda muhim hisoblanadi.  

Yangi stansiya nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki mintaqadagi ilmiy tadqiqotlar va ekologik izlanishlar uchun markaz sifatida xizmat qiladi va Orolbo‘yi hududining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri