FOTOREPORTAJ
Buxoroda davom etayotgan xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi ijodkorlar ishiga yangicha ma’no bag‘ishlamoqda.
Biyennale doirasida tashkil etilgan zamonaviy ekspozitsiyalar, turli mamlakatlardan kelgan rassomlar va dizaynerlar ijodi diqqatga sazovor. Bulardan biri – “Moviy xona” yangi nafosat maskani buxorolik kulol Abdulvohid Buxoriy tomonidan “Govkushon” madrasasi sobiq ibodatxonasi negizida tashkil etilgan keramik qurilmadir. Makon qo‘lda yasalgan ko‘k koshinlar bilan bezatilib, insonni orom va tinchlikka chorlaydi. Moviy rang inson qalbidagi barcha his-tuyg‘ularni ifoda etib, ruhiy poklanishga yo‘l ochadi.
Markaziy Osiyo kulolchilik an’analaridan ilhomlanib, usta Jo‘rabek Siddiqov bilan hamkorlikda yaratilgan bu bunyodkorlik namunasi zamonaviy nafosat va qadimiy an’anani uyg‘unlashtirgan. Tabiat bilan uyg‘un muhit yaratish, insonning ruhiy barqarorligini ta’minlash “Moviy xona”ning asosiy vazifalaridan biridir. Ushbu ob’ekt – madaniy meros va zamonaviy san’at uyg‘unligi orqali bunyod etilgan noyob makon sifatida Buxoro madaniyatining yangi nafosat markaziga aylangan.
[gallery-25828]
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA