Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon
16:36 / 2021-06-16

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium onlayn tarzda o‘tkazildi.

O‘zbekistonda jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qo‘shgan mutafakkir allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini o‘rganish, ularning ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning muhim tarkibiy qismidir.

O‘zbekiston zamini qadimdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkir allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab qomusiy olimlar islom ilmlari bilan bir qatorda, dunyoviy fanlar taraqqiyotiga, xususan, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Ana shunday buyuk allomalar qatoridan joy olgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini hamda moturidiylik ta’limotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Malayziya islomni anglash instituti, Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Saljuk universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi singari xorijiy ilmiy muassasalar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda «Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon» mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati: moturidiy allomalarining ushbu ta’limot rivojidagi o‘rni, moturidiylik ta’limotining mo‘’tadillikni ta’minlashdagi ahamiyati, Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va moturidiylik ta’limotida aqidaviy masalalarning yoritilishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, ushbu ta’limotning mo‘’tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Simpoziumda Markaz tomonidan nashrga tayyorlangan Imom Moturidiyning «Ta’vilot al-Qur’on» 29-juzi, Mulla Ali Qoriyning «Sharh al-Fiqh al-akbar», Burhoniddin Marg‘inoniyning «Al-Hidoya», «Yurtimiz allomalari rukni ostida 10 ta risola», «Xalqaro islom tashkilotlari», «Mutaassiblikka qarshi mo‘’tadillik: metod va tahlillar» «Dolzarb raddiyalar», «Islom niqobidagi mutaassib guruhlar» kabi bir qator kitoblar, shuningdek, «Moturidiylik» ilmiy-ma’rifiy jurnalining nishona soni taqdimoti o‘tkazildi.

Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma’ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etilishi ma’qullandi.

Shu bilan bir qatorda, talabalar o‘rtasida «Imom Moturidiy izdoshlari» rukni ostida tashkil etilgan tanlovning eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik, eng yaxshi infografika nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

Yosh tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida simpozium doirasida doktorantlar, tadqiqotlar hamda talabalar uchun «Imom Moturidiy yosh tadqiqotchilar nigohida», «Zamonaviy islomshunoslik muammolari» deb nomlangan alohida shu’balar tashkil etildi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta’limotini jahonga tanitish hamda islom olamida moʻtadil taʼlimotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.

N.Usmonova,OʻzA