Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moturidiy ta’limoti – ma’naviy kamolot manbai
14:00 / 2025-12-16

Andijon davlat texnika institutida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning joriy yil 14 martdagi “Imom Moturudiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda institut profesor-o‘qituvchilari, talabalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda ulug‘ alloma ta’limoti, ilmiy merosining mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida so‘z yuritildi. 

– Tadbirni o‘tkazishdan maqsad moturidiylik ta’limotini o‘rganish, uning bag‘rikenglik, aql va e’tiqod uyg‘unligiga asoslangan g‘oyalarini yosh avlod ongiga singdirish, – deydi institut Tillar va gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, Respublika ma’naviyat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Muhtaram Xoliqova. – Qolaversa, Moturidiy ta’limotining zamonaviy ta’lim va tarbiya jarayonlaridagi o‘rni, yoshlar shaxsini shakllantirishdagi ahamiyatini targ‘ib etish, ilmiy jamoatchilik, talaba yoshlar qalbida yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, ular qoldirgan ulkan ma’naviy meros hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. 

[gallery-26757]

Tadbirda so‘z olgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati Andijon viloyati koordinatori Nafisaxon Marahimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Vosid Ahmadxonov hamda institut o‘qituvchilari Rashidbek Komilov, Ilhomjon Kabulov va boshqalar Moturidiy ta’limoti va ijodiy merosi haqida keng ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, Imom Moturidiy ta’limoti bugungi kunda ham yosh avlodni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi, ma’naviyat va tafakkurini yuksaltirishga, hayotiy voqeliklarni anglashga xizmat qiluvchi manba ekanligi, ushbu ta’limotini yanada chuqur o‘rganish muhimligi qayd etildi. 

Qiziqarli muloqotlar tarzida o‘tgan tadbir Imom Moturidiy ta’limotining zamonaviy jamiyatdagi ahamiyatini ochib berishga, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari