English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Motor yig‘adigan ayol yoki «Ayollar daftari»ning afzalligi
17:33 / 2022-01-31

Shu vaqtgacha ayollarning ish bilan ta’minlanishi haqida ko‘p eshitganman: tikuvchilik, oshpazlik, sartaroshlik, farroshlik, oqsochlik va hokazo. Lekin, motor yig‘ib o‘z-o‘zini ish bilan band qilgan ayol haqida ilk bor eshitishim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukusdagi «Bayterek» MFY hududida yashaydigan 34 yoshli, yolg‘iz ayol, uch farzandning onasi Alfiya Allaniyazovaning temir-tersak ustasi ekanligi haqida eshitib,  uyiga yo‘l oldik.

Alfiya «Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan.

Turmush o‘rtog‘i bilan 3 ta farzandni dunyoga keltirgan, ammo, oilaning barcha mas’uliyati Alfiyaning bo‘ynida qolgan.

Bundan 5 yil avval u hayotida muhim bo‘lgan qarorni qabul qildi: endi temir-tersak bilan shug‘ullanishni oldiga maqsad qildi. Undan oldin kafeda ishlardi, lekin, topgani ro‘zg‘orga yetmasdi. Boz ustiga uyga kech kelardi. Ayol kishining tun o‘rtasida ko‘chada yurishi, albatta, o‘ziga ham boshqa yaqinlariga ham yoqmasdi.

Alfiya uyiga kiradigan joyni ustaxona qilib olgan, tashqaridan kirib kelganimizda qandaydir ish bilan mashg‘ul ekan. Manzarani ko‘rib, ayol kishining bunday ish bilan shug‘ullanayotganiga taajjublanib turdim. Sochilib yotgan simlar, temir parchalari, uskunalar, jihozlar, buzilgan tikuv mashinasi, changyutgich, nasosning motori va hokazo. Onasining qoshida bolalari ham o‘ynayapti.

"Bironta narsamga tegmalaring, bittasi yo‘q bo‘lib ketsa, ko‘rasizlar mendan", deb bolalarini koyib qo‘yadi. Haqiqatdan ham shu sochilib yotgan temir buyumlarning birontasi ortiqcha narsa emas ekan.

- Bolaligimdan temir-tersakka qiziqaman, - deydi Alfiya. –Dadamning narsalarini olib ketib, o‘ynardim. Rostini aytganda shu kasb o‘zimga zavq bag‘ishlaydi. Muzlatkich, kir mashina, changyutgich, televizor, elektr go‘shtqiymalagich hammasini tuzataveraman. Asosan, nasos motorlarini remont qilaman. Yaqinda bitta nasosni ishladim. Mehnat haqimga 2 mln. so‘m berdi. Bir kunlik mehnatim bu.

Alfiya o‘z kasbini yo‘lga qo‘yish uchun pulga muhtoj edi. Bankka borsa, nima ish qilasan, deb so‘raydi. «Motor yig‘aman» desa, bank xodimlari ajablanadi va shu tariqa ancha vaqtdan buyon ishi yurishmay kelayotgandi. Shuning orasida boshqa ish bo‘lsa ko‘ray, deb fuqarolar yig‘iniga borib turdi. U yerda ham tayinli javob yo‘q.

- Alfiya bizga ish so‘rab ko‘p keldi, - deydi «Bayterek» MFY kotibi Itibar Sultamuratova. –  Lekin, ish joyi muammo-ku, nima deyishimizni bilmaymiz. Bir kuni «menga kredit olib bering, o‘zimning tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yaman» deb keldi. «Nima qilmoqchisan?» desak, yana shu gap: «temir-tersakka ishlov beraman», «tayinli ishing yo‘q, qanday qilib kreditni so‘ndirasan» deb yo‘lidan qaytarmoqchi bo‘ldik. Lekin, u qat’iy turib oldi.  

Xullas, kredit bermasidan oldin bank xodimlari uyiga kelgan, ishlayotgan ishini ko‘rgan, ustaxonada uning qanday qilib buzilgan motorni tuzatib berganiga ishonch hosil qilgan. Nihoyat «Ayollar daftari» imtiyozlari doirasida yillik 14 foiz bilan 20 mln. so‘m berildi. Mana ikkinchi oy yakuniga yetayapti, Alfiya esa kreditini o‘z vaqtida so‘ndirib boryapti. «Ayollar daftari» tizimi afzalligini Alfiya misolida ko‘rsa bo‘ladi. U avval menga ish topib bering, yordam puli bering, topganim bolalarimni boqishga yetmayapti, derdi endi buyurtmalar uchun shoshib yuradi, vaqti yo‘q.

Ye.Qanoatov, O‘zA