Toshkent. Bugun 9-may — Xotira va qadrlash kuni, odatdagidek Xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali ziyorat qilindi. Marosimda ishtirok etish uchun huquq-tartibot idoralari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, II jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari, yoshlar, qator vazirliklar hamda keng jamoatchilik vakillari va hatto mamlakatimizga mehmon bo‘lib kelgan sayyohlargacha tashrif buyurishdi. Ishtirokchilar navbatma-navbat urush qatnashchilari xotirasiga hurmat bajo keltirib, bir muddat (toʻhtab) sukut saqladilar, soʻng Motamsaro ona tomon harakatlanib, haykal poyiga gullar qoʻyishdi.
Marosim tugagach, urush va mehnat faxriylari bir-birlari bilan diydorlashib, yoshlik yillarini esladilar, bugungi tinch va dorilomon kunlar uchun shukrona aytib, yoshlarni tinchlikning qadriga yetib yashashga da’vat etdilar.
Urushda qatnashgan yaqinlarining fotosuratlarini ko‘tarib olgan avlodlar esa tarixda bobolarining qay tarzda jang maydonlariga olib ketganliklari va boshqa voqeiliklarni xotirlab, ko‘zlariga yosh oldilar. Yoshlar o‘z yaqinlarini xotirlab kelgan ushbu avlodni ham bayram bilan qutlab, gul ulashdilar.
Saksafon, klarnet, baraban sadolari ostida jarang sochgan harbiy ruhdagi musiqa sadolari yig‘ilganlarga bayramona ruh ulashib turdi.
Harbiy forma kiyib, xotira va qadrlash kunini bayram sifatida nishonlashga chiqqan jajji harbiylarimiz esa yig‘ilganlarning ko‘zini quvontirdi. Ular yurtimizning bo‘lajak himoyachilari! Bu bolakaylarning hozirdanoq vatanni sevmoqlik, uning har qarich yerini ko‘z qorachig‘idek asrab, sarhadlarini himoya qilishga tayyor vatanparvar ruhida tarbiyalanayotganliklarini payqash qiyin emas.
Joriy yilning 2 may kunida esa mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kunining umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, 2-jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-ahloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani ayni muddao bo‘ldi. Farmonga ko‘ra, 2- jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga o‘n sakkiz million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti tayinlandi.
Qolaversa, bugun viloyat, tuman, shahar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham urush va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatib kelinmoqda.
Tinchligimiz, osmonimiz musaffoligi va hotirjamligimiz yo‘lida ko‘ksini qalqon qilgan bobolarimiz xotirasi bugun shu qadar hurmatimizda, ular ruhi qalbimizda mangu yashaydi. Safimizda bo‘lganlar esa alohida e’zozdalar.
<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/G2LIPPh3m2w" title="Motamsaro ona haykali poyi alvon gulchambarlarga to‘ldi (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA