Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan yurtimizda mo‘’tabar onaxonlar holidan xabar olish, ularni e’zozlash va qadrlashga qaratilgan ezgu tadbirlar izchil davom etmoqda.
Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov nomidan G‘ijduvon tumanida istiqomat qilayotgan faxriy onaxonlar holidan xabar olindi. Tuman hokimi Farhod Umarov hamda nuroniylar ishtirokida bir qator mo‘’tabar keksalar xonadoniga tashrif buyurilib, ular bayram bilan muborakbod etildi.

Jumladan, tuman rahbariyati Mirakon mahallasi Yavojin aholi punktida istiqomat qiluvchi, 102 yoshni qarshilagan mo‘’tabar onaxon Tursun Rasulova xonadonida bo‘ldi. Onaxonga Buxoro viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘asi tantanali ravishda topshirildi.
Bir asrdan ziyod umrni halol mehnat, sabr va matonat bilan o‘tkazgan Tursun onaxon bugun katta va fayzli sulolaning boshida turibdi. Uning 2 nafar qizi va 4 nafar o‘g‘li bor. Bugungi kunda onaxon 25 nafar nabira, 52 nafar evara hamda 7 nafar chevaraning mehri va hurmati qurshovida umr kechirmoqda. Uning hayotiy tajribasi, sabr-toqati va donoligi butun avlod uchun ibrat maktabiga aylangan.

Shuningdek, tuman mutasaddilari Mustaqillik mahallasi Oqtepa aholi punktida istiqomat qilayotgan, 104 yoshni qarshi olgan Maxsuma aya Ahmedova xonadonida ham bo‘lib, onaxonni bayram munosabati bilan muborakbod etdi. Onaxonga ham viloyat hokimi nomidan samimiy tabriklar yetkazilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Maxsuma aya butun umrini farzandlar tarbiyasi, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va mehnat bilan yashashga bag‘ishlagan mo‘’tabar onaxonlardandir. U 11 nafar farzandni voyaga yetkazib, ularga to‘g‘ri tarbiya bergan. Bugun esa onaxonning 75 nafar nabirasi, 37 nafar evarasi va 15 nafar chevarasi bor. Bu ulkan sulola onaxonning mehr-muhabbati, sabr-toqati va hayotiy donoligi bilan bunyod etilgan mustahkam oila qadriyatlarining yorqin namunasidir.

Samimiy uchrashuvlar davomida mo‘’tabar onaxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqi uchun duolar qildi. Shuningdek, ularga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga o‘zlarining samimiy minnatdorliklarini bildirdi.
Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy va muqaddas qadriyatlaridan biridir. Yuz yillik umr sohibalarining duosi esa el-yurtimiz tinchligi, farovonligi va kelajak avlod kamoli uchun eng katta baraka hisoblanadi. Shu bois, mo‘’tabar keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish va qadriga yetish har birimiz uchun yuksak insoniy burchdir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri