Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi
15:11 / 2023-03-06

Mehnatsevar, fidoyi, zahmatkash opa-singillarimizni har qancha qardlasak oz. Ular – hayotimiz ko‘rki, jamiyat tayanchi va ishonchi. Munis onaxonlarimiz sog‘lom va barkamol avlodning tarbiyachilaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonini topshirish marosimida shular xususida so‘z bordi.    

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2019 yilda ta’sis etilgan “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan opa-singillarimizni taqdirlashda, ularni yangi marralar sari rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Ayni paytda ushbu mukofot sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga topshirilmoqda.  

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, mazkur vazirlik huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ayollarni e’zozlash yuzasidan mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” turli ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etishda, ayollarni o‘ylantirayotgan masalalarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.  

Joriy yilda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun Respublika komissiyasiga 900 ga yaqin hujjatlar kelib tushdi. Komissiya a’zolari tomonidan mazkur ko‘krak nishoniga munosib deb topilgan nomzodlarning 71 nafari vazirlik va idoralar tavsiyasi asosida, 243 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridan tavsiya etilgan.  

Joriy yilda mazkur ko‘krak nishoni bilan turli sohalarda yetakchi, matonatli, fidoyi mo‘’tabar ayollardan 314 nafari taqdirlandi. Ular safida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi axborot uzatish  xizmatining yetakchi xabar uzatuvchisi Gulmira Abdurasulovaning ham borligi e’tiborga molikdir.  

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlanganlarga eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti topshirildi. Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’zoz uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.    

 

N.Usmonova,  

O‘zA muxbiri