Andijon davlat universitetida “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Boshqaruvining tegishli qarori bilan jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etayotgan, tashabbuskor, samarali mehnati bilan oilalarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish ishiga munosib hissa qo‘shgan, yosh avlodni sog‘lom, vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishdagi ibratli faoliyati uchun “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida 18 nafar andijonliklar ham bor.
[gallery-28068]
Tadbirda Andijon viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Feruzaxon Rustamova “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonini o‘z egalariga topshirdi.
– Kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligimdan behad mamnunman. Ushbu e’tirof meni yurt ravnaqi yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi bo‘lim mudiri Ra’noxon Hayitboyeva.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.