Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni: nomzodlar saralanmoqda
09:16 / 2022-02-17

Har yili yurtimiz hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan ayollarimizga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirib kelinmoqda.

Shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan ko‘plab ayollar ham “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanyapti.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga xalq e’tirofiga sazovor bo‘lgan, mehnat faoliyatida ko‘plab yutuqlarga erishgan, oilasi bilan namuna bo‘layotgan 290 nafar sazovor bo‘lgan.

2020 yilda 287 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2021 yilda 278 nafar ayol ushbu e’tirofga munosib ko‘rildi.

Joriy yilda “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga vazirlik va idoralar hamda hududlardan 900 nafardan ortiq nomzodlar tavsiya etilgan bo‘lib, hozirgi kunda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida nomzodlar hujjatlarini ko‘rib chiqish va yakuniy xulosalarni qabul qilish bo‘yicha Komissiya faoliyat olib bormoqda.

Ma’lumot uchun, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi tegishli farmoniga muvofiq, jamiyat va davlat hayotida faollik ko‘rsatgan, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan.


N.Usmonova, O‘zA