Rossiya harbiy razvedkasi generali Vladimir Alekseyevga uyushtirilgan otishma ortidan xalqaro darajadagi tergov ishi ochildi.
Mamlakat Federal xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Moskvada sodir bo‘lgan hujumda gumon qilinayotgan shaxs Dubayda qo‘lga olinib, Kremlga topshirilgan.
Manbaga ko‘ra, rus fuqarosi Lyubomir Korba hujumni amalga oshirganlikda gumon qilinmoqda. Tergov davomida yana ikki nafar sherik aniqlangan: ulardan biri Moskvada ushlangan, ikkinchisi esa Ukrainaga qochib ketgani aytilmoqda. Rasmiylar voqeani oldindan rejalashtirilgan suiqasd sifatida baholayapti.
Hodisa juma kuni Moskvaning shimoli-g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs turar joy binosi oldida Alekseyevga bir necha bor o‘q uzgan. Og‘ir tan jarohati olgan general kasalxonaga yotqizilgan va shifokorlar nazoratida qolmoqda.
RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hujum uchun Ukrainani mas’ul deb atab, buni “terrorchilik harakati” deya baholadi. Uning aytishicha, maqsad — Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralaridan keyingi jarayonni izdan chiqarish.
Musulmon Ziyo, O‘zA