“Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston turizmi yili” doirasida Moskva shahridagi VDNH ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etilgan va stendda yurtimiz sayyohlik salohiyati namoyish etildi. Tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Rossiya Turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sangaji Tarabayev, Moskva Turizm qo‘mitasi rahbari Yevgeniy Kozlov hamda sohaning boshqa vakillari so‘zga chiqib, o‘zbek xalqining boy madaniyati va mehmondo‘stligi xususida so‘z yuritdi.

Muloqot davomida Moskva aeroportlarida, turizm operatorlari, kompaniya va biznes doira vakillari orasida keng tarqatiluvchi Rossiyaning “RussianTraveler” jurnali “O‘zbekiston – Sharq ertagi” deb nomlangan maxsus sonini taqdim etdi. Shuningdek, ikki mamlakatning turizm sektori vakillari uchun tajriba almashish va yangi biznes aloqalarini o‘rnatish maqsadida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizning boy merosini ochib beruvchi “O‘zbekiston” paviloniga ekskursiya uyushtirib, o‘zbek taomlaridan tatib ko‘rdi va yurtimiz madaniyati bilan tanishdi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA