Moskvada avtomobil portlashi oqibatida rus generali halok bo‘ldi
Moskva shahrida avtomobil portlashi natijasida Rossiya Qurolli kuchlari Tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Fanil Sarvarov halok bo‘ldi. Bu haqda RF Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, voqea bugun mahalliy vaqt bilan tonggi soat 7:00 atrofida shahardagi Yasenevaya ko‘chasida joylashgan avtoturargohda sodir bo‘lgan. Harbiy qo‘mondonga tegishli avtomobil harakatga tushganidan so‘ng bir necha metr yurgach portlagan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilning tag qismiga oldindan qo‘yilgan qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushgan.
Mamlakat Tergov qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan qotillik hamda portlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
D.Hakimov, O‘zA