XXR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi rahbari Van I 22 fevral kuni Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashdi, deb xabar berdi Xitoy TIV matbuot xizmati.
Van I Lavrov bilan uchrashuvda “yangi kelishuvlarga erishishga” umid qilmoqda, deyiladi vazirlik hujjatida.
– Xitoy Kompartiyasining XX s’ezdi ruhini har tomonlama amalga oshirishning birinchi yilida biz mustaqil va o‘ziga ishongan tashqi siyosatni qat’iy amalga oshiramiz, – deb bayonot berdi xitoylik siyosatchi. – O‘zaro manfaatli va foydali ochiqlik strategiyasini davom ettiramiz. Xitoy modernizatsiyasi yo‘lidan borib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yangi ufqlar ochamiz. XXR rivoji dunyoning barcha mamlakatlari uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Biz barcha davlatlar, jumladan, Rossiya bilan hamkorlikning yangi qirralarini kashf etamiz.

Van I va Patrushev uchrashuvi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan TIV hujjatida yana shunday deyilgan: “Tomonlar hozirgi xalqaro strategik vaziyatni muhokama qildilar va birgalikda haqiqiy ko‘p tomonlama munosabatni amalda qo‘llash, bir tomonlama tahdidning barcha shakllariga qarshi turish, xalqaro munosabatni demokratlashtirish va ko‘p qutbli dunyoni shakllantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar”.
Qayd etilishicha, uchrashuv so‘ngida tomonlar ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlikni davom ettirish, global boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishdilar. Ikkala tomon ham Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va barqarorlikni qat’iy saqlash zarurligini ta’kidladilar.
Van I Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zA