Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moskva sudi Telegram ga jarima soldi (+video)
16:54 / 2026-02-12

Moskva shahar Taganskiy tuman sudi Rossiyada taqiqlangan ma’lumotlarni o‘chirmagani uchun Telegramga deyarli 11 million rubl miqdorida jarima tayinladi. Bu haqda 11fevral kuni Moskva sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Jarimalar Rossiya hokimiyatining kontentni bloklash talablarini buzganlik uchun qo‘llanilgan. RIA “Novosti” tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bayonnomalar ekstremistik faoliyatga chaqiriqlar bo‘lgan ma’lumotlarni o‘chirmaganlik hamda Rossiya Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish va sotish holatlari bo‘yicha tuzilgan. Aynan qaysi materiallar haqida gap ketayotgani ma’lum emas.

Ayni paytda sud Telegram’ga nisbatan yana oltita bayonnomani ko‘rib chiqmoqda.    

So‘nggi kunlarda Rossiyadagi foydalanuvchilar Telegram ishida uzilishlar bo‘layotganini bildirishgan. Kecha Roskomnadzor idorasi messenjer ishini ataylab sekinlashtirish rejasini rasman tasdiqladi. Idora bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etilishini ma’lum qildi. Rasmiy izohga ko‘ra, bu choralar “Rossiya qonunchiligini buzish” va “fuqarolar xavfsizligiga tahdid” bilan bog‘lanmoqda.  

Ayrim tahlilchilar fikricha, hokimiyatning asl maqsadi Telegram ni bosqichma-bosqich bozordan siqib chiqarish va foydalanuvchilarni davlat nazoratidagi messenjerlarga o‘tkazishdan iborat. Bunday holat avval YouTube va WhatsApp bilan ham kuzatilgani aytiladi.  

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Roskomnadzorning Telegram ishini sekinlashtirish qarori haqida gapirar ekan, kompaniya Rossiya qonunlariga amal qilmayotganini aytgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fOOLNCWW5OA" title="Moskva sudi Telegram ga  jarima soldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA