Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov Rossiya Federatsiyasi Moskva shahri Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi bosh direktori S.Baldin hamda markaz bosh direktorining birinchi o‘rinbosari O.Nujdin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda pandemiya sharoitida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga ishga jalb qilish mexanizmlarini yanada soddalashtirish, mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish, kasb va rus tiliga o‘qitish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga ishga jalb qilishning yangi algoritmi bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish, ba’zi ish beruvchilar va o‘zbekistonlik mehnat migrantlari o‘rtasida yuzaga kelayotgan ayrim tushunmovchiliklarni hal qilish, mehnat migrantlarining yashash va ish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, “Texstroy” qurilish kompaniyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan, Tashqi mehnat migratsiyasi orqali joriy yil boshida tashkillashtirilgan holda kelgan fuqarolar bilan 11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xususan, ularning oylik ish haqini oshirish, mehnat shartnomalarini qayta ko‘rib chiqish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan takliflar berildi.
O‘z o‘rnida uchrashuvda Rossiya tomoni Ko‘p tarmoqli migratsiya markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish, rossiyalik ish beruvchilar uchun O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha aniq talablar ishlab chiqish, Rossiyada ishlash istagidagi O‘zbekiston fuqarolari uchun aviareyslar tashkil etish yuzasidan takliflarini berdi.