Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moskva shahrida Jahon atom haftaligi o‘z ishini boshladi
15:44 / 2025-09-25

Bugun Moskva shahridagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi majmuasida atom va unga yaqin sohalarga bag‘ishlangan eng yirik tadbir –Jahon atom haftaligining (World Atomic Week) rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli tadbirning tantanali ochilish marosimida “Rosatom” davlat korporatsiyasi mas’ullari, atom dasturlarini rivojlantirayotgan davlatlar rahbariyati vakillari, dunyo miqyosidagi yetakchi ekspertlar va yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Unda O‘zbekiston nomidan "O‘zatom" agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev rahbarligidagi delegatsiya ham ishtirok etyapti.

Forum Rossiya atom sanoatiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilmoqda.  Ta’kidlash kerakki, atomni tinch yo‘l bilan zabt etish tarixi kashfiyot va yutuqlarga boy. 1954 yilda Obninsk shahrida dunyodagi birinchi atom elektr stansiyasi ishga tushirilishi atom sohasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lgan. Atom sohasi paydo bo‘lganidan keyingi ilk 15 yil ichida dunyodagi birinchi tokamak reaktori va birinchi atom muzyorar kemasi ishga tushirilgan.

“Rosatom” bugungi kunda energetika, mashinasozlik, qurilish va boshqa sohalardagi aktivlarni birlashtirgan ko‘p tarmoqli xolding. Uning strategiyasi past uglerodli elektr energiyasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, jumladan shamol energetikasini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Davlat korporatsiyasi mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarishda milliy yetakchi bo‘lib, AESlarni qurish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Turli bosqichlarda 11 mamlakatda 41 ta energetik blok barpo etilmoqda. Korporatsiyaning faoliyat sohasiga innovatsion yadroviy bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarish, logistika va Shimoliy dengiz yo‘lini rivojlantirish, ekologik loyihalarni amalga oshirish ham kiradi. Uning tarkibida 450 dan ziyod korxona va tashkilot mavjud bo‘lib, ularda taxminan 420 ming kishi faoliyat yuritadi. 

[gallery-25460]

Haftalik davomida turli mamlakatlar mutaxassislari, ekspertlari qator mavzularda taqdimotlar qiladi. Ular qatori bugun “O‘zatom” agentligi sessiya ishida soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan yutuqlarini namoyon etadi. Eslatib o‘tamiz, haftalik ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva,

Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA