Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSH bilan Ukraina bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar sekin kechayotganini, biroq to‘g‘ri yo‘nalishda davom etayotganini ma’lum qildi. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning bayonotiga ko‘ra, muzokaralar jarayoniga tashqi omillar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ya’ni, Zaxarova ayrim G‘arbiy Yevropa davlatlari va Buyuk Britaniyani diplomatik sa’y-harakatlarni izdan chiqarishga urinishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Moskva AQSH bilan aloqalarda muzokaralar borishini tashqi bosimdan himoya qilish zarurligini doim ko‘tarib kelmoqda.
Rossiya tomoni avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan Rossiya–AQSH sammitida erishilgan kelishuvlar asosida ishni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, TIV vakili Yevropa davlatlari Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishdan manfaatdor emasligini, ular keskinlikning saqlanib qolishini qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi.
Zaxarovaning bayonotida, tomonlar diplomatik yo‘llar orqali gumanitar masalalar, mahbuslar almashinuvi hamda mojaroning kengayib ketishining oldini olishga qaratilgan choralarni muhokama qilmoqda.
Moskva muzokaralarning faqat ikki tomonlama shaklda emas, balki xalqaro kafolatlar va xavfsizlik mexanizmlari asosida davom etishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, barqaror kelishuvga erishish uchun mojaro sabablarini bartaraf etish asosiy shart hisoblanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2B5vYoKcmNE" title="Moskva Rossiya-AQSH muzokaralariga baho berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA