2025 yil yakuniga kelib Ispaniya Markaziy banki oltin va valyuta zaxirasi qariyb 94 milliard yevroga yetdi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Geosiyosiy ziddiyatlar va moliyaviy xavf kuchaygan, global beqarorlik yuzaga kelgan bir davrda tilla xavfsiz aktiv sifatida keskin qimmatlashib, yana e’tibor markaziga chiqdi.
Darvoqe, Ispaniyada oltin shunchaki moliyaviy resurs emas, balki tarixiy xotira, siyosiy bahs va murakkab meros bilan bog‘liq tushuncha. Ayniqsa, “Moskva oltini” iborasi olovli mamlakatning XX asrdagi tarixi eng bahsli sahifalaridan birini eslatadi.
1936 yilgacha o‘rtacha darajada bo‘lgan tilla zaxirasi ushbu mamlakatga xalqaro moliyaviy maydonda muayyan imkoniyat yaratgan. Fuqarolar urushi boshlangach, vaziyat keskin o‘zgardi. Xalqaro miqyosda yakkalanish va qurol xarid qilish bilan bog‘liq cheklov tufayli hukumat keskin qaror qabul qildi. Ya’ni, Markaziy bank oltinning xorijga, asosan rus poytaxtiga yuboradigan bo‘ldi.

O‘sha yil oktyabrda xaznadan 510 tonnaga yaqin oltin olib chiqildi. Bu yashirin operatsiya emas, balki urush sharoitida qabul qilingan rasmiy, hujjatlashtirilgan qaror edi. Tilla qurol-aslaha, yonilg‘i va harbiy ta’minot uchun sarflandi. Zamonaviy tarixchilar ushbu boylik “yo‘qolib ketmagani”, urush davomida to‘liq ishlatilganini ta’kidlaydi.
Urushdan keyingi Franko rejimi “Moskva oltini” mavzusini kuchli targ‘ibot quroliga aylantirdi. Shu orqali iqtisodiy qiyinchilik oqlanib, Ikkinchi Respublika obro‘sizlantirildi va sobiq Sovet Ittifoqi “tashqi dushman” sifatida ko‘rsatildi. Amalda esa xalqaro miqyosda bu masala yopiq mavzu hisoblangan.

Bugungi Ispaniya oltini mutlaqo boshqa tarixga ega. Hozir mamlakat taxminan 281 tonna oltinga ega. Yevropa hududi doirasidagi ko‘p yillik pul-kredit siyosati natijasida jamg‘arilgan, fuqarolar urushi davridagi boylik bilan bog‘liq bo‘lmagan bu zaxira AQSH, Buyuk Britaniya va Shveysariyada saqlanadi.
1936 va 2025 yillar taqqoslanganda sezilarli farq ko‘zga tashlanadi. Avval tilli davlatni asrab qolish vositasi edi, bugun esa barqarorlik, ishonch va moliyaviy xavfsizlik ramzi. Umuman, Ispaniya oltini tarixiy jarohatdan zamonaviy moliya aktiviga aylangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA