Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mosh Xitoyga eksport qilinmoqda
14:16 / 2025-11-01

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yetishtirilgan mosh mahsuloti Xitoy bozorlariga yo‘l oldi. Bu — mahalliy dehqon va tadbirkorlar mehnati, agrosanoat sohasidagi islohotlar samarasining yorqin ko‘rsatkichidir.

Tumanda faoliyat yuritayotgan “Oqoltin Eksport Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati Xitoy kompaniyalari bilan 5 million AQSH dollarlik eksport shartnomasini imzoladi. Ayni vaqtgacha korxona tomonidan 2 million 780 ming dollarlik mosh mahsuloti eksport qilindi.

Korxonada Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida mahsulot rangi, tozaligi va o‘lchamiga ko‘ra saralanib, xalqaro standartlarga mos qadoqlanmoqda. Bu esa Oqoltinda yetishtirilayotgan moshning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.

–  Mosh yetishtirish va eksport qilish orqali nafaqat valyuta tushumi, balki mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari ham ko‘paymoqda,  –     deydi “Oqoltin Eksport Invest” MCHJ rahbari Inoyatulla Xolboyev.  –     Korxonada 30 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yiliga 10–11 ming tonna dukkakli mahsulot qayta ishlanadi.

Joriy yilda tumanda g‘alladan bo‘shagan 7 ming gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilib, yuqori hosil olindi. Bu fermer xo‘jaliklarining daromadini oshirish bilan birga, tumanning eksport salohiyatini ham kengaytirmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri