Joriy yil mart oyi yog‘ingarchilikka boy bo‘ldi. Bunday holat o‘tgan yillarda kuzatilmagan edi.
Albatta, bahor faslining yog‘ingarchilikka mo‘l bo‘lishi ekin-tekin ishlarida, yerning suv bilan to‘yinishida foydali. Ammo, yomg‘irning uzluksiz yog‘ishi tog‘ va tog‘ oldi hududlarida tog‘ jinslari namligi ortishiga, yer ko‘chkilarining rivojlanishiga sabab ham bo‘ladi.
Xo‘sh, bu yilgi yog‘ingarchilik tufayli respublikamizda nechta xavfli ekzogen geologik jarayon sodir bo‘ldi?
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Ahmedova bu savolga quyidagicha javob berdi:
– Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga qarashli Davlat kuzatish xizmati tomonidan 2022 yilda xavfli ekzogen geologik jarayonlar monitoringi respublikamizning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida joylashgan 880 ta ob’ektda o‘tkazilmoqda, –dedi Z. Ahmedova. – Jumladan, joriy yilning 17 mart kuniga qadar yog‘ingarchilik miqdori mamlakatimizning shimoliy qismida o‘rtacha ko‘p yillik me’yorga nisbatan 386 foizni, janubiy qismida 117 foizni ko‘rsatdi.
Masalan, 17 mart holatiga ko‘ra, respublikada jami 66 ta (yanvar - 4 ta, fevral - 6 ta, martda 56 ta) xavfli ekzogen geologik jarayon sodir bo‘ldi. Viloyatlar kesimida oladigan bo‘lsak, bu holat Toshkent 33 ta, Andijon 2 ta, Jizzax 2 ta, Samarqand 1ta, Namangan 21 ta, Surxondaryo 3 ta, Qashqadaryo 4 tani tashkil qildi.
Favqulodda vaziyatlar Davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan kuzatuv natijalariga ko‘ra, jami 159 ta ko‘rsatmalar va ogohlantiruvchi ma’lumotlar hokimlik, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlarga taqdim etildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA