Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Monitoring ishlari qurilish sifatiga xizmat qilmoqda
11:02 / 2025-11-06

Yurtimizda qurilish va bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Shu bilan birga, bu jarayonning mas’ul tashkilotlar tomonidan qay darajada nazoratga olinayotgani haqida savol tug‘iladi.

Xususan, Farg‘ona viloyatida qurilish sohasida davlat nazorati ishlari izchil olib borilmoqda. Shu kunlarda Uchko‘prik tumanidagi Bog‘ibo‘ston mahallasida jami 15 ta 7 qavatli, umumiy 861 xonadonli turar joy binolari qurilmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazoratni amalga oshiruvchi Farg‘ona viloyati hududiy inspeksiyasi tomonidan mazkur ob’ektlarda o‘rganish ishlari olib borildi.

Dastlab uchta uyda o‘tkazilgan monitoring davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi. Jumladan, binolar qurilishida loyihada ko‘rsatilgan armaturalardan foydalanilmagani, boshqa birida esa loyihada belgilangan markadagi g‘ishtlar o‘rniga past sifatli g‘ishtlar ishlatilgani aniqlandi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul shaxslarga ko‘rsatmalar berildi. Sifatsiz ishlar buzdirildi va talabga javob bermaydigan g‘ishtlar ob’ektdan chiqarib tashlandi.  

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning “2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida viloyatda bir qator ob’ektlar qurilmoqda. Qo‘qon shahridagi "Noib ko‘prigi" mahalla fuqarolar yig‘inida 8-maktab binosi loyiha doirasida  qisman buzilib, o‘rniga 4 qavatli o‘quv binosi qurilyapti. 

Chodaklik mahallasida esa qiymati qariyb 1,9 milliard so‘mlik, 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi binosi bunyod etilmoqda.  Bugungi kunda ob’ektda ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu ob’ektlarda belgilangan reja asosida monitoring va o‘rganish ishlari muntazam olib borilayotgani quruvchilar uchun ham, qabul qiluvchi yuridik shaxslar uchun ham foydali bo‘layotgani ahamiyatli.  

– Dang‘ara tumanining Teliming mahallasidagi 4-maktabda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 120 o‘rinli binoda ta’mirlash ishlari davom etyapti, qo‘shimcha 660 o‘rinli yangi 4 qavatli bino hamda mini stadion qurilmoqda. Loyiha qiymati 3,4 milliard so‘m bo‘lgan bunyodkorlik ishlarida 45 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Yangi binoda ichki pardozlash, bo‘yoqlash va fasad ishlari yakuniy bosqichda. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi har bir ob’ektdagi ishlar sifati ustida monitoring yuritmoqda, – deydi hududiy inspeksiya mutaxassisi Ulug‘bek Sobirov.

 M.Sulaymonov, O‘zA