O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi elchixonasi ushbu arab diyoriga yurtimizda yetishtirilgan mavsumiy meva-sabzavot hamda qadoqlangan quruq meva eksporti hajmini oshirish ustida faol ish olib boryapti. Masalan, elchixona ko‘magida vatanimizga to‘rtinchi bor kelgan “Noor Lebanon” kompaniyasi rahbari Shayx Moni’ Xolid Al-Yahyoiy O‘zA bilan suhbatda yurtiga serquyosh zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar tizimli eksportini yo‘lga qo‘yish asosiy maqsadi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u so‘nggi yillarda mamlakatimiz ishbilarmonlik muhitida yuz bergan keskin ijobiy o‘zgarishlarni alohida qayd etdi:
– O‘zbekistonga safarni har gal o‘zgacha mamnuniyat bilan kutyapman. Sababi, yurtingizga har kelishim qo‘shma loyihalar uchun yangi-yangi istiqbol ochyapti. Bu yerda haqiqatan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bu gal “Arda Xiva” majmuasida Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil qilingan “Qovun sayli” festivalida qatnashdim. Mazkur yorqin gastronomik va madaniy tadbir dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar diqqat markazida bo‘ldi.
Jami bir millionga yaqin mehmon orasidagi yuzlab xorijiy sayyohlar munosabati anjumanning qishloq xo‘jaligi turizmini rivojlantirish, xususan Xorazm viloyati sayyohlik salohiyatini mustahkamlash uchun qulay maydon sifatidagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatdi.
Bu yil ilk bor oila a’zolarim bilan bunday keng ko‘lamli madaniy tadbirda ishtirok etdim. Barchasi – bezak ishlaridan tortib, konsert dasturigacha yuksak saviyada tashkil etilgan. Maydondagi 60 ayvonda namoyish etilgan125 ga yaqin navdagi qovunlar hidi hammaning dimog‘ini qitiqladi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Eng muhimi, tadbirda mehmondo‘stlik va do‘stona muhit hukm сурди. Ayniqsa, o‘zbek xalqining xorijliklarga nisbatan samimiy munosabati, tabassumi va madaniyatini ko‘rish juda yoqimli.
Festival dasturidan o‘rin olgan “Xorazm-2025” biznes-forumida Tashqi ishlar vazirligi hamda viloyat rahbariyatining xorijiy sarmoyadorlar manfaatini himoya qilishga tayyorligi haqida muhim da’vatlar eshitildi. Mazkur anjuman o‘zaro tajriba almashish va yangi o‘sish nuqtalarini topish maydoniga aylandi. Turli mamlakatlar vakillari mintaqa investorlariga jozibador shart-sharoit va hamkorlikning turli yo‘nalishlari – qishloq xo‘jaligi va qayta ishlashdan tortib, turizm va ta’lim loyihalarigacha taklif qilish istagini tasdiqladi.
Shayx Moni’ Xolid Al-Yahyoiy so‘zlariga ko‘ra, uning ilk tashrifi faqat eksport masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Bugun esa hamkorlik ko‘p qirrali tus olgan. Sentyabr oyidayoq universitet va tijorat kompaniyasi hamkorligida yangi yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad ikki oy ichida O‘zbekistondan muntazam ravishda mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishdan iborat. U o‘lkamiz haqidagi fikrlarini shunday yakunladi:
– Xorazmga safarim, mazkur festivaldagi ishtirokim yurtingiz tarixi va madaniyatiga qiziqishimni yanada oshirdi. Shuningdek, Xiva bizni o‘ziga xos tarixiy va zamonaviy muhiti bilan lol qoldirdi. Ushbu qadim kentda asrlar nafasini his qilish mumkin. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston tarixiy ildizlari olis davrlarga borib taqaluvchi boy madaniy merosga ega mamlakat.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jPvVK85MIuM?si=rvWa3XTiyXnVQGbg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova,
Azizxo‘ja Olishov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video),
O‘zA