Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mongoliyadan zotdor qo‘ylar olib kelish davom etmoqda
17:20 / 2025-12-23

Navoiy viloyatida chorvachilik sohasini rivojlantirish, aholini sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida “Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar” mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda qator muhim masalalarga to‘xtaldi.

Xususan, viloyatda 9 million gektardan ortiq yaylov maydoni mavjud bo‘lishiga qaramasdan, chorva soni yetarli emasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan kelgusi uch yilda 3 million gektar yaylovni yaxshilash, chorva bosh sonini 10 barobarga oshirish vazifasi belgilandi.

Bu borada chorvachilikni rivojlantirish uchun ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, hududning iqlim sharoitiga mos yuqori mahsuldor chet el chorva zotlarini olib kelib ko‘paytirish, shuningdek, nazariy bilimlar va amaliy tajribani uyg‘unlashtirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. 

“Zarafshon Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi Ulug‘bek Fayziyev tashabbusi bilan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, dekabr oyining avvalida “Navoiy” xalqaro aeroporti orqali Mongoliyadan 1100 bosh qo‘y olib kelingan bo‘lsa, yaqinda yana 427 bosh qo‘y keltirildi va ularning umumiy soni 1527 boshga yetkazildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Bayat” zotli Mongoliya qo‘ylari iqlimga chidamli, go‘sht va jun mahsuldorligi yuqori bo‘lgan zotlar hisoblanadi. Ushbu zotli qo‘ylarning tirik vazni 70-80 kg, qo‘chqorlari 100-120 kg gacha, go‘sht chiqimi esa tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi.

Ularni mahalliy sharoitga moslashtirish, ko‘paytirish va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali viloyat chorvachilik salohiyatini yanada oshirish mumkin.

Ayni paytda keltirilgan qo‘ylar maxsus chorva kompleksida veterinariya xizmati nazorati ostida parvarishlanmoqda. 

Yil yakuniga qadar viloyatga olib kelingan “Bayat” zotli qo‘ylar sonini 30 ming boshga yetkazish, 2026 yilda esa yana 70 ming bosh qo‘y olib kelish rejalashtirilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri