Oltinsoy tumanidagi Mo‘minqul mahallasi “Obod xonadon-obod ko‘cha¬ obod mahalla” tamoyili asosida qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda.
Yaqinda Mo‘minqulda bo‘lgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududni atroflicha o‘rganib, mahalla yo‘llarini ta’mirlash, elektr tarmoqlari va boshqa infratuzilmani yangilab, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” taomili asosida aholiga qulay sharoit yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq mahalla idorasi binosida tashkil etilgan shtabda hasharchilar va turli soha vakillariga o‘z yo‘nalishlarida kunlik bajariladigan ishlar taqsimlab berilmoqda. Obodonlashtirish yumushlari tez va sifatli amalga oshirilmoqda.

Mahalladagi 645ta xonadonda 4 ming 190 dan ortiq kishi yashaydi. Ko‘p yillik e’tiborsizlik sababli qishloq infratuzilmasi eskirdi. Yo‘llar ta’mirtalab bo‘lib qoldi. Eskirgan elektr tarmoqlarida tez-tez uzilishlar sodir bo‘lib turadi. Ichimlik suv ta’minoti ham talabga javob bermaydi. Ayrim uy-joylar ta’mirtalab holatda. Oqova suv ariqlarini betonlashga ehtiyoj bor.
Viloyat rahbarining topshirig‘i bilan qishloqdagi shu va boshqa muammolar hashar asosida hal etiladigan, “Obod xonadon –obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyili asosida yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatadigan bo‘ldi.

– Mahallamizda mavjud muammolarning bartaraf etilayotganidan yoshu-keksa birdek quvonmoqda, – deydi mahalla raisi Sherzod Boyev. – Qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgan bu e’tibor odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi. Bu ishga bosh qo‘shish uchun mahallamiz ahli ham hasharda faol ishtirok etib, hududni obodonlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Yozning chillasida Mo‘minqul yirik qurilish va obodonlashtirish maydoniga aylandi. Ariqlar tozalanib, bir yo‘la beton yotqizilmoqda. Yo‘llarda ta’mirlash ishlari boshlandi. Eskirgan elektr ustun va simlar yangisiga almashtirilmoqda. Odamlar uylari atrofini obodonlashtirib, tartibga keltirmoqda. Yo‘l va ko‘chalar bo‘yi xas-xashaklardan tozalanmoqda. Uylarning fasad qismi ta’mirlanayotir.

– Hovlimiz yonidan oqib o‘tuvchi ariqni betonlashda hasharchilarga yaqindan yordam berdim, – deydi Mehriziyo ko‘chasida yashaydigan Nizomjon Jumayev. – Bir zumda uyimiz atrofidagi 21 metr ariqni betonladik. Axir uyimiz, ko‘chamiz, mahalla obod bo‘lsa, ko‘nglimiz yanada charog‘on bo‘ladi.
Toza, zilol suvga ehtiyoj sezayotgan aholi xonadonlarini obi-hayot bilan ta’minlash uchun mahalla idorasi yaqinida quruvchilar quvur yotqiziladigan xandaq qazish ishlarini uyushqoqlik bilan boshladi. Tuman elektr ta’minoti korxonasi ishchilari “Bog‘bon” ko‘chasida elektr liniyalarini ta’mirlamoqda. Elektriklar obod bo‘layotgan mahallada 150 ta eskirgan simyog‘ochni yangilashni, ikkita transformator o‘rnatishni ham rejalashtirgan.

Tuman yo‘lsozlari mahalladagi “Mustaqillik”, “Bog‘bon”, “Sarbon”, “Do‘stlik” ko‘chalarining qariyb 10 kilometr masofadagi qismiga asfalt yotqizishni belgilab olgan. Ayni paytda Oltinsoy tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi yo‘lsozlari mahalla ahlining yog‘ingarchilik kunlarida ham, yozning chang damlarida ham emin-erkin harakatlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish uchun ta’mirlash ishlarini qizg‘in olib bormoqda. “Oltinsoytumangaz” bo‘limi xodimlari aholining to‘ldirilgan gaz ballonlariga ehtiyojini o‘rganib, qo‘shimcha maishiy gaz ballonlari ajratyapti. To‘ldirilgan gaz ballonlarini yetkazib bermoqda.
Mo‘minqulning obod va ko‘rkam mahallaga aylanayotgani shifokorlarni aholining salomatlik darajasini o‘rganib, tibbiy profilaktik ishlar olib borishga undadi.

– Hozir mahallada patronaj hamshiralarimiz uyma-uy kirib, aholi salomatligi, tibbiy profilaktika, xatlov ishlarini olib boryapti, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Murtazo Rahmonov. – Shuningdek, mutaxassislar uyma-uy yurib, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishni targ‘ib qilmoqda. Tez kunlarda bu yerga malakali shifokorlardan iborat tibbiy guruh kelib, aholini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Sog‘ligida nuqsoni aniqlangan kishilar bepul davolanadi.
Mamlakatimizning olis va chekka hududlaridagi qishloqlarda amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari ham yurtimizda inson qadrini ulug‘lab, ularning obod, serfayz mahallalarda osuda, to‘kin turmush kechirishi uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri