Anamol sovuq davrida aholi salomatligini saqlash, fuqarolarning elektr energiyasi hamda gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatida cheklovlar o‘rnatildi. Tabiiyki bunday holda benzinga bo‘lgan ehtiyoj oshadi. Buni inobatga olgan holda AI-80 markali benzinning tannarxi arzonlashtirilib, litri 5700 so‘m qilib belgilandi. Barcha shoxobchalarda shu narxda sotilishi nazoratga olindi.
Mana shunday sinovli kunlarda noqonuniy benzin savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar ham afsuski, uchrab turibdi.
– Hozirgi kunda barcha AYOQSHlar ogohlantirilib chiqildi, – deydi “O‘zneftegazinspeksiya” Buxoro hududiy bo‘limi xodimi Bahodir Xolov. – AYOQSHlarda birinchi navbatda yoqilg‘ini belgilangan narxda sotish, narxini oshirmaslik, yelim idishlarga solib sotmaslik borasida ogohlantirish ishlari olib borildi.
Halolik ortidan kelgan bir burda noning mazasi o‘zgacha bo‘ladi. Iymon e’tiqodli odamlar halol yo‘l bilan topilgan oddiy buyumning qadrini qing‘irlik ortidan kelgan qimmatbaho buyumdan afzal bilishadi. Ammo atrofimizda shunday kimsalar ham borki ular uchun halollik degan tushunchaning qadri yo‘q. Gap shundaki Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Zarangari mahallasida joylashgan “O‘zNeftGaz” MCHJ tasarrufidagi 54-sonli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida operator vazifasida ishlovchi shaxs shu tumanda yashovchi fuqaroga noqonuniy ravishda 200 litr AI-80 markali benzin maxsulotining har bir litrini belgilab berilganidan qimmat narxda, ya’ni 6000 so‘mdan sotishga kelishadi.
– Kechqurun soat 01.00 da Ravshan degan tanishimga benzin bormi deb so‘radim, –deydi benzin olgan shaxs. –Ha, bor aka, 6 ming so‘mdan dedi. Kechqurun yengil mashinada 200 litrli yelim idishlarni olib bordim. Benzinni solib oldim. Buni noqonuniy ekanligini bilganim yo‘q. Bu hatti-harakatimdan pushaymonman.
Tun yarmidan oqqan kechki 02:00 lar atrofida yoqilg‘i quyish shoxobchasida operator vazifasida ishlovchi shaxs ham qilayotgan ishi oshkor bo‘lmaydi, degan niyatda edi. Ammo qonun posbonlari bor ekan bundaylarning o‘ylaganlari amalga oshmaydi.
G‘ijduvon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs 200 litr benzinni 6 ming so‘mdan sotayotgan vaqtda ushlandi.
– Mazkur holat yuzasidan huquq tartibot organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, –deydi Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xodimi Shuhrat Jalolov. – Tekshiruv yakunlari yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda javobgarlik masalalari hal etiladi.
– “O‘zNeftGaz” MCHJ tasarrufidagi 54-sonli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida operator vazifasida ishlayman, – deydi operator vazifasida ishlab kelgan shaxs. – Noqonuniy qilgan ishlarimdan pushaymonman. Bu ishni qayta takrorlamayman.
Bu kabi holatlarning viloyat hududida qayta takrorlanmasligini oldini olish maqsadida viloyat huquq-tartibot organlari hamda tegishli tashkilotlardan tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ishchi xodimlar bilan ogohlantiruv-tushuntirish tadbirlari o‘tkazilib, mutasaddi idoralarning nazorati kuchaytirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA