Lavhada ayni paytda Kanada davlatida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jamiyat rahbari J.Alimovning shu yil aprel oyida suratga olingan videolavhasi ham keltirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida “CREAT” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 2019 yil oktyabr oyida xorijdan keltirilgan naslli qoramollar joriy yilning mart-aprel oylarida oqsim (oqsil) kasalligi sababli nobud bo‘layotgani haqida xabar tarqaldi.
Unda J.Alimov bankdan kredit olib xorijdan naslli qoramol keltirgani, ammo tuman hokimligi tomonidan unga yer ajratib berilmayotgani, mollari kasallikka chalinib, nobud bo‘layotgani bayon etilgan.
Lavha muallifi tadbirkor hozirda Kanada davlatida mehnat qilayotgani va bank kreditini to‘lashda qiyinchilikka duch kelayotgani, shu sababli endi o‘z yurtiga sarmoya kiritmasligini aytgan. Mazkur holat Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi va Pastdarg‘om tumani bo‘limi mas’ullari ishtirokida joyida o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi “CREAT” MCHJning 2019 yil 3 iyundagi arizasiga ko‘ra, chorvachilikni rivojlantirish loyihasi doirasida naslli chorva mollari sotib olishi uchun 7 iyundagi kredit shartnomasiga asosan Xalq banki Pastdarg‘om filiali tomonidan 81 ming 550 AQSH dollari miqdorida kredit Avstriyadagi kompaniyaga ko‘chirib berilgan. O‘sha yili oktyabr oyida xorijdan naslli mollar keltirilib, parvarishlana boshlangan.
Ammo ushbu chorva mollarini belgilangan tartibda ma’lum muddat karantinda saqlash, ularning salomatligini tekshirish, molxonani dezinfeksiya qilish kabi qoidalarga amal qilinmagan. Mollar qachon olib kelinganligi to‘g‘risida tuman chorva nasl agentligi hamda veterinariya bo‘limiga ma’lumot berilmagan.
Qachonki, joriy yilning aprel oyida ikki bosh qoramol kasalligi sababli so‘yilganidan keyin mazkur holatdan tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xabardor bo‘lib, bu yerdagi mollarning salomatligi o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, “CREAT” MCHJ molxonasining naslli mollar saqlash uchun tayyor emasligi, havo harorati pasayib ketishi natijasida qoramollarda bronxopnevmoniya kasalligi o‘tkir kechishi hamda stomatit kasalligi kelib chiqqani, ozuqasining yetarli bo‘lmaganligi sababli majburiy suyishlar vujudga kelgan.
So‘yilgan mollar go‘shtidan olingan namunalar tuman hayvon kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat tashxis markazida mikroskopik, bakteriologik tekshiruvdan o‘tkazilgan va yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmagan.
“CREAT” MCHJ rahbari ayni paytda Kanada davlatida ekanligi sababli mazkur jamiyat ish yurituvchisi va boshqa xodimlari bilan suhbatlashilganda, ular tuman hokimining 2020 yil 5 maydagi qarori bilan tumanning Xonchorbog‘ massividan xo‘jalik uchun 28,3 gektar yer maydoni ajratilgani va u yerda chorva uchun ozuqa mahsulotlari yetishtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, tadbirkor bank kreditini qaytarish uchun harakat qilayotgani, hozirda xo‘jalik tasarrufida 20 boshga yaqin qoramol mavjudligi va yil yakuniga qadar ular sonini 50 taga yetkazishga harakat qilishayotganini aytishdi. Bundan tashqari, bugungi kunda bu yerda xorijdan keltirilgan 20 boshdan ortiq naslli qo‘y parvarishlanmoqda.
Jamiyat rahbari aprel oyida suratga olingan videolavhada jahl ustida gapirgani, ammo ayni paytda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihasini amalga oshirish uchun astoydil harakat qilayotganini ham ma’lum qildi korxona ish yurituvchilari.
O‘zbekiston Respublikasi
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish
davlat qo‘mitasi axborot xizmati