Moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, aholining huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda bank-mijoz munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash borasida muhim hujjat qabul qilingan edi.
Bu joriy yilning 4 mart kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1043-sonli qonuni bo‘lib, unga ko‘ra "Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga kredit munosabatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi qonunga ko‘ra, har qanday kredit rasmiylashtirish jarayoni faqat fuqaroning bevosita ishtiroki va roziligi asosida amalga oshiriladi. Endilikda shaxs xabardor bo‘lmasdan yoki rozilik bildirmasdan turib, uning nomiga kredit rasmiylashtirilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, qonun asosida fuqarolarga o‘z nomlariga kredit ajratilishini ixtiyoriy ravishda taqiqlash huquqi berildi. Bunda fuqaro kredit byurosiga murojaat qilib, "kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri"ga kiritiladi. Ushbu reyestrdagi shaxslarga hech bir moliya tashkiloti tomonidan kredit ajratilmaydi. Taqiq faqat fuqaroning o‘zi tomonidan yozma ariza asosida bekor qilinadi.
Mazkur mexanizm aholining moliyaviy huquqlarini himoya qilish, firibgarlik yo‘li bilan kredit ajratilishining oldini olish va fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qonun doirasida kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi yangi talablar joriy etildi. Jumladan:
– kredit byurosi ustav fondining eng kam miqdori 2 milliard so‘m etib belgilandi;
– qonun talablarini buzgan taqdirda Markaziy bank tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 ming baravargacha jarima qo‘llanilishi mumkin;
– iste’molchilar huquqini buzish, qalbaki hujjatlar taqdim etish va qonuniy faoliyat yuritmaslik holatlarida litsenziya bekor qilinishi mumkin;
– shuningdek, kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar haqidagi yagona reyestr Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda kredit byurolari tomonidan yuritiladi va banklar uchun majburiy hisoblanadi.
Ushbu qonun orqali mamlakatimizda moliyaviy xizmatlardan foydalanish xavfsizligi va ishonchliligi yanada oshadi. Bank tizimining ochiqligi va adolat tamoyillari asosida ishlashi, aholining moliyaviy manfaatlari yuqori darajada himoyalanishi ta’minlanadi.
Sarvar OCHILOV,
"Mikrokreditbank" ATB
Axborot xizmati rahbari.
Reklama huquqi asosida