Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Moliyaviy xavfsizlik” xalqaro olimpiadasida O‘zbekiston vakillari faxrli o‘rinni egalladi
12:35 / 2023-10-17

Rossiyaning Sochi shahrida “Moliyaviy xavfsizlik” bo‘yicha III xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mas’ulligida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro tarmoq instituti vakillari ishtirok etdi.

Olimpiadaning final bosqichi to‘rtta yo‘nalish (moliyaviy xavfsizlik, axborot xavfsizligi, yurisprudensiya va xalqaro munosabatlar) bo‘yicha o‘tkazilib, unda 19 davlatdan jami 377 nafar talaba va Rossiyadan 109 nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi.  

Talabalarimizdan besh nafari “Moliyaviy xavfsizlik”, “Xalqaro munosabatlar”, “Axborot xavfsizligi” yo‘nalishlarida I va II darajali diplomlarni qo‘lga kiritgani O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minladi.  

Bundan tashqari, talabalarimiz olimpiada dasturi doirasida o‘tkazilgan trening, master-klasslarda faol ishtirok etdi. 4 nafar talaba “eng yaxshi to‘g‘ri javob”, “eng faol ishtirokchi”, “eng ko‘p to‘g‘ri javoblar” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabasi Z.Abdullayeva “Kiberxavfsizlik: kasbiy faoliyat xavfi” mavzusida o‘tkazilgan treningda “eng faol ishtirokchi” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, planshet bilan taqdirlandi.  

Olimpiada doirasida o‘tkazilgan fijital futbol musobaqasida J.Razmuhamedov (TATU) g‘olib bo‘lib, 2024 yilning 21 fevral – 3 mart kunlari Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.  

Olimpiadada ishtirokchilar uchun 60 dan ortiq ta’lim, sport va madaniy tadbirlar, xususan, 15 praktikum, 40 ga yaqin master-klass, trening va muhokamalar tashkil etilib, ushbu jarayonga 300 nafarga yaqin ekspert jalb etildi.  

Davlatlar miqyosidagi olimpiada tadbirlari natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari jamoaviy hisobda faxrli 2-o‘rinni egalladi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA