Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moliyaviy texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yechimlar: hamkorlik va natija 
17:03 / 2024-10-24

Bugun Toshkentda moliyaviy texnologiyalar sohasidagi keng ko‘lamli tadbir – UZCARD forumi o‘tkazildi.

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda bank, moliya-texnologiya kompaniyalari, davlat tuzilmalari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. 

Forumda ekspertlar yangi raqamli platformalar an’anaviy bank xizmatlarini qanday o‘zgartirishi, moliya sohasidagi axborot xavfsizligiga zamonaviy tahdid va xatarlar, raqamli tahdidlar soni ortib borayotgan sharoitda kiberxavfsizlik, normativ-huquqiy bazadagi joriy va kelgusi o‘zgarishlar kabi qator masalalarda o‘z taqdimotini o‘tkazdi. 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston moliyaviy sektorini izchil isloh qilish natijasida ilg‘or bank biznesini yuritish hamda ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, bugungi kunda moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish, bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot texnologiyalarini, axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda inson omili ta’sirini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasida bermoqda. 

Forumda tizimdagi bu kabi sa’y-harakatlar natijasi sarhisob etildi. Xususan, unda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada takomillashtirishga qaratilgan eng yangi yechimlar taqdim qilindi. Bundan tashqari, xalqaro kompaniyalar mutaxassislari ishtirokidagi panel muhokamalarda ilg‘or texnologiyalar va yaxshi amaliyotlar haqida so‘z yuritildi. Ahamiyatlisi, mazkur forum o‘zaro tajriba almashish, imkoniyatlarni namoyish etish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratildi. 

Forum doirasida tomonlar o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Xususan, “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (UZCARD) va “Banklararo protsessing markazi” YOAJ (Qirg‘izistonning "Elkart" milliy to‘lov tizimining operatori) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu esa O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi elektron to‘lovlarni rivojlantirishning yangi bosqichini ifoda etadi. 

– Ushbu hujjat UZCARD va “Elkart” to‘lov tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu ikki mamlakat iste’molchilari va biznes uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Hamkorlikning asosiy maqsadlari transchegaraviy to‘lovlar uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlash va yangi raqamli yechimlarni tatbiq etishdir. Ya’ni, ushbu o‘zaro aloqa 2024-2025 yillar davomida ikkita to‘lov tizimini o‘zaro integratsiya qilish masalasiga qaratilgan. Buning natijasida UZCARD kartasidan foydalanuvchilar Qirg‘iziston Respublikasi hududida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, transchegaraviy o‘tkazmalarda ham qo‘l keladi. Shu bilan birga, forumda biz "Hamkorbank" aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, – dedi “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ ijrochi direktori Olim Zokirov. 

Forum doirasida moliyaviy texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yechimlarga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA