Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moliyaviy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi (+video)
18:02 / 2025-12-12

Mamlakatimizda moliyaviy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yana bir muhim qadam tashlandi. Markaziy bank va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi o‘rtasida strategik hamkorlikka oid Memorandum va Yo‘l xaritasi imzolandi.

Bu ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, mamlakatda moliyaviy ta’lim va savodxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Memorandumda o‘quv-metodik majmualar, raqamli ta’lim platformalari va onlayn kurslarni ishlab chiqish, o‘quvchilar, talabalar va pedagoglar uchun doimiy tadbirlar — seminar, trening, ochiq dars va master-klasslar tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida moliyaviy savodxonlik to‘garaklarini rivojlantirish, ularning faoliyatini monitoring qilish, Global Money Week va World Savings Day kabi xalqaro tashabbuslar doirasida ommabop tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

[gallery-26706]

Hamkorlik doirasida ilmiy konferensiyalar, davra suhbatlari, tanlovlar va qo‘shma tadqiqot loyihalari yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or amaliyotlarni joriy etish hamda ikki tomonlama ishchi guruhlari orqali samarali axborot almashinuvini ta’minlash ham muhim vazifalardan biri etib belgilangan.

Imzolangan memorandum moliyaviy savodxonlikni oshirish, ta’limni raqamlashtirish va o‘quv-metodik bazani zamonaviy talablarga moslashtirishda muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.

— Markaziy bank tomonidan aholining moliyaviy bilimlarini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, – deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari N.Fazilov. – Shu sababli Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va boshqa ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz. Birgalikda amalga oshirayotgan loyihalarimizning hammasi yoshlar va o‘qituvchilarning moliyaviy bilimlarini oshirishga qaratilgan. Bu loyiha juda samarali bo‘lmoqda. Bugungi kunda 133 ta maktabda 190 nafar o‘qituvchi va 8 464 nafar o‘quvchi ushbu to‘garaklarda ishtirok etmoqda. Ushbu tashabbus 19 ta bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani ham uning ahamiyatini oshiradi. Biz to‘garaklar uchun o‘quv materiallarini yangilashni boshladik, ularni yanada tushunarli va zamonaviy qilib chiqayapmiz. Loyiha doirasida 32 ta oliy ta’lim muassasasi qamrab olingan, ularning oltitasi Toshkentda joylashgan. Taxminan 1000 nafar talaba faol ishtirok etmoqda. Bu — ularda moliyaviy fikrlashni shakllantirish va real hayotda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni berish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Loyihani UZCARD bilan hamkorlikda amalga oshiryapmiz.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_aiBXoLRAtQ" title="Moliyaviy ta’limni rivojlantirish bo`yicha memorandum imzolandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA