Qaror va ijro
Bugun har bir oliy ta’lim muassasasining jahondagi yetakchi ilmiy tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishi, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalarning joriy qilinishini davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Mazkur jarayonda oliy ta’lim muassasasiga ham moliyaviy, ham akademik va tashkiliy boshqaruv sohalarida qo‘shimcha vakolatlar, mustaqillik berilishi katta ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, moliyaviy va akademik mustaqillik yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga nima berdi? Ayni shu haqda Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon TURG‘UNOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Moliyaviy va akademik mustaqillik – bu izlanish, harakat, yangi g‘oya va maqsadlarni amalga tatbiq etish demak. Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada katta qadam bo‘ldi. Ushbu ikki muhim hujjatga asosan mamlakatimizdagi 35 ta oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy va akademik mustaqillik berildi.

Quvonarlisi, ular orasida Namangan davlat universiteti ham bo‘lib, bu aslida biz uchun yuksak e’tirof bo‘ldi. Chunki oliy o‘quv yurtimizning respublikada yetakchi bo‘lishi, milliy reytingda yuqori o‘rin egallagani, moddiy-moliyaviy imkoniyati hamda ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgani bois, unga mana shunday imkoniyat taqdim etildi. Shu tariqa universitetimiz 2022 yil 1 yanvardan moliyaviy, 2022/2023 o‘quv yilidan tashkiliy va akademik mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib bora boshladi.
Ayni paytda oliy ta’lim dargohida 700 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi 25 mingdan ortiq talabaga tahsil beryapti. Pedagoglarning 27 nafari fan doktori, professor, 219 nafari fan nomzodi, “PhD”, dotsent ilmiy darajasiga ega o‘qituvchilardir. Universitet ilmiy salohiyati ayni paytda 36,2 foizni tashkil etmoqda. So‘nggi uch yilda 71 ilmiy ish muvaffaqiyatli himoya qilingan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida 103 ilmiy ish himoya qilinishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda 187 nafar magistr ishga qabul qilindi.

Ta’kidlash lozimki, moliyaviy va akademik mustaqillik bizga standart normativlardan farqli ravishda, o‘z xususiyatimizdan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kuzatuv kengashlari orqali tasdiqlab, amaliyotga joriy etish vakolatini berdi. Bu, eng avvalo, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘z strategik rivojlantirish dasturlarimiz, biznes rejalar hamda daromad va xarajatlar parametrini mustaqil shakllantirib, kuzatuv kengashlari muhokamasidan o‘tkazib, amaliyotga joriy etmoqdamiz.
O‘tgan yili universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan qiymati 2,4279 milliard so‘mlik davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi loyihalar bajarildi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 3,5779 milliard so‘mlik, ya’ni 2022 yilga nisbatan 1 milliard so‘mdan ko‘p mablag‘ topishga muvaffaq bo‘ldik.
Hozirgi kunda Namangan davlat universitetida 10dan ziyod innovatsion ishlanma ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 6 iyuldagi “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, universitetimiz tomonidan 17 ta loyiha bajarilishi rejalashtirilgan edi. Shundan oxirgi ikki yilda bajarilishi lozim bo‘lgan 11 ta loyihaning barchasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ayniqsa, ular orasida “Saraton kasalliklarida transmembranali oqsil onkomarkerini diagnostika qilish”, “PZR laboratoriyalarini raqamlashtirish asosida ma’lumotlar bazasini yaratish va statistik tahlil samaradorligini oshirish”, “Noan’anaviy xomashyo va sabzavotlardan sukat tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish”, “Intensiv usulda baliq yetishtiruvchi “Akvakultura” innovatsion markazini tashkil etish”, “Ko‘zi ojizlar uchun innovatsion relefli xaritaning yangi avlodi hamda relefli aqlli globusni yaratish”, “Mahalliy xomashyolar asosida payvandlash elektrodlarining butlovchi kompozitlarini olish texnologiyasini yaratish”, “Animatsion yondashuv asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ekologik ongni shakllantirish texnologiyasini yaratish”, “Gidrogeologik quduqlarda yer osti suvlari sathini masofadan o‘lchovchi innovatsion qurilmasini yaratish” singari loyihalarning ahamiyati beqiyos.

Darvoqe, bugun ta’lim sifatini oshirish maqsadida xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni ta’lim jarayoniga shartnoma asosida jalb qilish, moliyaviy resursni ishlatish tartibini mustaqil belgilash, byudjetdan tashqari qo‘shimcha mablag‘lar ishlab topish, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish maqsadida innovatsion ishlanmalarni tijoriylashtirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil etish va daromad topish kabi imkoniyatlarga egamiz. Topilgan daromadlar, shubhasiz, ta’lim rivojiga sarflanmoqda.
Hozir universitet qoshida uchta korxona faoliyat olib boryapti. Jumladan, sukat sexi, mebel sexi va Chust shahridagi “Tumor on target” usuli bilan diagnostika qilish markazi ham talabalarni ish bilan ta’minlash, ularning olgan bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda mustahkamlashga erishish, ham daromad topish imkonini bermoqda.
Sukat sexida meva va sabzavot mahsulotlaridan sukat tayyorlanyapti va mahalliy bozorlarga chiqarilyapti. Mebel sexida esa universitet va boshqa oliy o‘quv yurtlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga shartnoma asosida mebellar tayyorlab berilyapti. Mazkur korxonalarda 80 nafardan ziyod talaba bandligi ta’minlangan.
Namangan davlat universitetida tashkil etilgan “Karera markazi”da 16 ta zamonaviy rusumdagi kompyuter bo‘lib, ularga viloyatning 14 tumanidagi bo‘sh ish o‘rinlari ma’lumoti joylashtirilgan. 32 nafar talaba mutaxassis sifatida ishga olingan. Markazda viloyat davlat tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari tegishli tashkilotlardan har oyning o‘ninchi sanasida olinadi va bo‘sh ish o‘rinlari portfeli yil davomida shakllantirib boriladi. Asosiysi, markazda bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Tanlov asosida talabalarga bo‘sh ish o‘rinlari tavsiya etib borilmoqda.

Shuningdek, “Kovorking markazi”miz talaba-yoshlarning biznes tashabbuslari, g‘oyalari, loyihalari, “nou-xau”lari, “startap”larini amalga oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ularga yuridik va tijoriy maslahatlar berish, buxgalteriya hisobotlarini yuritish, mahorat saboqlarini o‘tish, seminarlar tashkil etish hamda boshqa bir qancha xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Markaz talabalarga o‘z innovatsion va biznes g‘oyalarini amalga oshirish hamda tijoratlashtirishda hamkor tashkilotlar bilan ko‘prik vazifasini o‘taydi. Markazda 16 nafar iqtidorli talaba doimiy ish bilan band.
Yana bir yangi g‘oyalarni o‘zida jamlagan korxonalardan biri – “NamDU innovation” unitar korxonasi bo‘lib, unda hozir 20 nafar talaba ishlamoqda. Mazkur korxona talabalar uchun texnologiya ta’limi amaliyotini ta’minlash, texnik ijodkorlik va dizayn, mahsulot tayyorlash texnologiyasi, texnik ijodkorlik va konstruksiyalash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni zamonaviy, raqamli dasturlar asosida boshqariladigan dastgohlarda olib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada talabalar bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish asnosida milliy hunarmandchilik asosida zamonaviy jihozlarni tayyorlash, mebelsozlik va duradgorlik kasblarini egallamoqda.

Universitetda tashkil qilingan “IT-park”da axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid loyiha va dasturlarni yaratish xonasi, texnologiyaga qiziqqan talaba-yoshlarni ushbu soha bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. 12 ta zamonaviy kompyuterdan iborat “IT-scool” xonasi hamda loyiha-dasturlarni taqdimot qilish hududi yoshlarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, zamonaviy “Universal axborot-resurs markazi” ham ochilib, u 4 mingdan ortiq yangi o‘quv adabiyoti, 30 ta noutbuk, 25 ta kompyuter va 4 ta monitor bilan ta’minlangan.
Qayd etish joizki, Namangan davlat universiteti tomonidan 42 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, uchta chet el oliy o‘quv yurti bilan birgalikda qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan.
Biz uchun moliyaviy va akademik mustaqillikning yana bir foydali jihati shundaki, tashkiliy tuzilma va shtat birliklarini o‘zimiz joriy etish huquqiga ega bo‘ldik. Mehnat bozorida iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni kadrlar buyurtmachisining talabi asosida tayyorlashni boshladik. Ayni shu maqsadda joriy o‘quv yilidan boshlab bir necha mutaxassisliklar bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni ochdik.
Bugun Namangan davlat universitetida 13 fakultet, 41 kafedra mavjud. 71 yo‘nalishda malakali bakalavr bosqichi mutaxassislari, 27 yo‘nalishda magistratura bosqichi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Qolaversa, nafaqat ta’lim, balki tibbiyot sohasi uchun ham zamonaviy kadrlar tayyorlanadi. Viloyatda oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda 2021 yilda universitetda tibbiyot fakulteti ochildi. Hozir davolash ishi, pediatriya ishi va farmatsevtika yo‘nalishlarida 468 nafar talaba tahsil olishmoqda. Fakultetda Andijon davlat tibbiyot instituti hamda viloyatdagi yetakchi sog‘liqni saqlash muassasalaridan fan doktorlari va fan nomzodlari o‘rindoshlik asosida talabalarga bilim berib kelmoqda.
Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida Rossiyaning Ural davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda “2+2” asosida ta’lim jarayonlari tashkil etilmoqda. Bu dasturning afzallik tomoni shundan iboratki, talabalar ma’lum vaqt Rossiya Federatsiyasida ham o‘qishni davom ettiradi. Buning natijasida bo‘lg‘usi shifokorlar universitetimizni ikkita diplom bilan tamomlaydi.
Albatta, moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Qolaversa, to‘lov-shartnoma miqdori, ularni to‘lash va uzaytirish muddatini mustaqil belgilayapmiz.
Raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yili “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” hisobidan 1 ming 890 nafar talabaga 1,1 milliard so‘m rag‘batlantirish berilgan bo‘lsa, joriy yilda 1 ming 465 nafar talaba 500 million so‘m miqdorida rag‘batlantirildi.
Qolaversa, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi yoki ularning qonuniy vakillariga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan 7 ming 959 nafar talabaga o‘tgan yili 1,2 milliard so‘m, joriy yilda esa 12 ming 527 nafar talabaning 1,9 milliard so‘m miqdoridagi ijara to‘lovlari qoplab berildi. Bu bilan talabalarning ijtimoiy muhofazasi o‘tgan yilga nisbatan kuchaytirildi.
Shuningdek, 2022 yilda universitetimizda ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga davlat byudjetidan 118 million so‘m to‘lab berildi. 2023 yilda esa ana shunday moddiy ko‘mak miqdori 281 million so‘mni tashkil etdi.

Hukumatimiz tomonidan berilgan imkoniyatlar natijasida universitetimizning moddiy-texnik salohiyati tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayni paytda talabalar uchun sakkizta o‘quv binosidagi 243 auditoriyada ta’lim uchun barcha shart-sharoit yaratib berilgan. Barcha auditoriya va 36 ta laboratoriya eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. 1483 ta kompyuterning barchasi Internet tarmog‘iga ulangan.
Talabalarni turar joyi bilan qamrab olish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlani amalga oshirish maqsadida universitetning Namangan shahridagi Boburshoh ko‘chasi hududida bunyod etilayotgan 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi jadal davom etmoqda. Loyiha qiymati 25 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan bino yetti qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda o‘quv xonasi, oshxona, tibbiy xizmat xonasi, sport-sog‘lomlashtirish hamda maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari joylashadi. 4 ta xona esa jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun maxsus loyihaviy reja asosida qurilmoqda. Nogironligi bo‘lgan talabalarning turar-joy binosiga kirib-chiqishida qulaylik yaratilyapti. Mazkur talabalar turar joyi muqobil energiya manbalari bilan to‘liq ta’minlanadi. 2025 yilga qadar yana bir yetti qavatli, 400 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi binosi hamda 2 ming o‘rinli Innovatsion fakultet uchun binolar qurilishining boshlanishi ham rejalashtirilgan.

Bunday amaliy izchil sa’y-harakatlarimiz zamirida moliyaviy va akademik mustaqillikka erishish va uning samaralari mujassamdir. Ushbu islohotlar oliy ta’lim muassasalari rivojiga xizmat qilibgina qolmay, izlanishga, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishga, amaliy natijaga erishishga turtki bermoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri