O‘z brendini yaratish, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishda har bir xususiy sektorda moliyaviy ko‘mak zarur. Shunday paytda tijorat banklarining ishonchli hamkor sifatida yordamga kelishi tadbirkorlar faoliyati ko‘lami oshishi va yangi ish o‘rinlari vujudga kelishiga zamin yaratadi.
Holbuki, bugungi tadbirkor kechagi kundagidan har tomonlama farq qiladi. Buni mamlakatimiz rahbarining joriy yilning 18 avgustdagi tadbirkorlar kuni munosabati bilan o‘tkazgan Ochiq muloqotida alohida ta’kidlagani bejiz emas. Eng asosiysi, bu islohotlar va o‘zgarishlar respublikamizning eng chekka hamda olis hududlarida ham o‘ziga xos tarzda aks-sado berayotgani bilan quvonarlidir. Uzoqqa bormaylik, birgina Farg‘ona viloyati Marg‘ilon tumani misolida fikrlarimizni tahlil qilamiz.
Hayotbaxsh islohotlar samarasi tufayli bugungi kunda viloyatda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov 90 foizdan oshdi. Bu borada jahon andozalari darajasida barpo etilgan muhtasham nodavlat ta’lim dargohlari barkamol avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida xizmat qilmoqda.
Tadbirkor Dilshod Rahmonov ilk faoliyatini bitta nodavlat ta’lim muassasasidan boshlagan bo‘lsa, hozirda viloyatda 4 faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bog‘chalarni boshqarib kelmoqda. Bu ishni shunchaki havasga boshlamagan yurtdoshimiz bolajonlar uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, sifatli ta’lim olinishi uchun tajribali pedagoglar jamoasini to‘plagan. Koreya, Isroil va Yaponiya singari davlatlarda bo‘lib, aynan mazkur sohada katta tajriba to‘plagan. Shu bois mazkur tizimda o‘zi kutgan natijalarga bosqichma-bosqich erishib bormoqda.
Ayni paytda 4 ta MTTning 3 tasi Marg‘ilon, 1 tasi Farg‘ona shahrida faoliyat ko‘rsatadi. Ta’kidlash o‘rinliki, shu yilning sentyabr oyida viloyat markazining Qirguli dahasida 5 milliard so‘mlik loyiha bo‘yicha 150 o‘rinli yana bir filialni ishga tushirishni maqsad qilingan. Shuningdek, 2024-2025 yillarda O‘zmilliybank bilan hamkorlikda yana ikkita loyiha uchun biznes-reja tayyorlanyapti.
– Bir necha turdagi soliqlar bo‘yicha 10 yilgacha imtiyoz berildi, subsidiyalar ajratilmoqda, – deydi loyiha tashabbuskori Dilshod Rahmonov. – 2017 yili mazkur tarmoqqa asos solgan bo‘lsam, ungacha xorijda ishlab yurar edim. Bu sohaga qaratilgan e’tibor va rag‘bat tufayli besh-olti yilda ulkan yutuqlarga erishdim. Eng asosiysi, davlatimiz rahbarining har yilda tadbirkorlar uchun yangi-yangi imtiyozlarni berayotgani biz singari soha vakillariga motivatsiya bo‘layotir. Ikkita odamni ishli qilgan odamni boshimga ko‘taraman, degan yurtboshimizning da’vati bizga qo‘shimcha kuch, yangi loyihalar uchun ilhom bo‘layotgani haqiqat.
Tadbirkor o‘z faoliyatini jahonning eng ilg‘or tajribalari asosida tashkil etishga harakat qilib, o‘tgan yillarda Janubiy Koreya va Turkiyada malaka oshirib keldi. Yaqinda tajriba almashish uchun Gruziyaga borishni maqsad qilgan. Ta’kidlash kerak, tadbirkorning maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish loyihasi o‘ziga xos me’moriy yechimga ega bo‘lib, o‘quv, qo‘shimcha mashg‘ulotlar binolari milliy va xalqaro andozalar asosida bunyod etilgan. Bu yerda xorijiy tillar, sport to‘garaklari viloyatdagi eng tajribali o‘qituvchi-murabbiylar tomonidan olib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun o‘z kasbini sevadigan tadbirkor uchun har bir yo‘nalishda keng imkoniyatlar, qulay sharoitlar mavjud. Bunda bank ko‘magi va davlat himoyasini his etgan tadbirkor uchun nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorning ham darvozasi ochilib boraveradi. Bu esa o‘z navbatida, yurt ravnaqi, davlat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
O‘zA