"O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalari rahbarlari, ularning iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda bosh buxgalterlari uchun seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda “Kompaniya ma’lumotlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ga muvofiq taqdim etish” masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad jamiyat va tarmoq korxonalari rahbarlari, ularning iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda bosh buxgalterlarining MHXSga muvofiq tuzilgan moliyaviy hisobotlar bo‘yicha malakalarini shakllantirish hamda kompaniyalarning moliyaviy holati va moliyaviy natijalarini tahlil qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishga qaratilgan.
Qayd etilganidek, tadbir “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining 2020 yil 31 dekabr holatiga konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining xalqaro katta to‘rtlikka (Big 4) kiradigan «KPMG» xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan auditi doirasida o‘tkazildi.
“KPMG” dunyodagi eng yirik professional xizmatlar tarmoqlaridan biri bo‘lib, katta to‘rtlikka (Big 4) kiruvchi auditorlik kompaniyasi hisoblanadi. Xalqaro shtab-kvartirasi Amstelvenda joylashgan kompaniyada 219 000 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Seminar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
O‘zA