“O‘zmilliybank” AJ tomonidan joriy yilning oktyabr oyida bankka biriktirilgan Toshkent shahridagi 14 ta kutubxonada bolalar uchun moliyaviy savodxonlik darslari o‘tkazildi. Tadbirlar “Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yosh avlodda moliyaviy bilimlarni shakllantirish, ularning pul bo‘yicha, tejash va rejalashtirish haqidagi dastlabki tasavvurlarini kengaytirishdan iborat. Bolalar uchun yaratilgan qulay o‘quv muhitida darslar suhbat, o‘yin va amaliy mashg‘ulotlar shaklida o‘tkazilib kelinmoqda. Mashg‘ulotlar davomida bolalar pul va banknotalarning yaratilish tarixi, ularning muomalaga kiritilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, interaktiv o‘yinlar, rebuslar va amaliy topshiriqlar orqali mantiqiy fikrlash hamda moliyaviy qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-25823]
Darslar davomida kichik ishtirokchilar uchun “O‘yla, izla, top” va “Boshqotirma” kabi o‘yinlar tashkil etilib, bolalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish bilan birga, jamoada ishlash, mantiqiy fikrlash va fikrini aniq ifoda etish qobiliyatini namoyon etdi. Faol qatnashgan bolajonlarga bank tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan bunday tadbirlar yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish, ularning iqtisodiy tafakkurini rivojlantirish va kelajakda mas’uliyatli qarorlar qabul qila oladigan shaxslar bo‘lib yetishishlariga zamin yaratadi. Ta’kidlash zarur, moliyaviy ta’limni erta yoshdan yo‘lga qo‘yish — barqaror va ongli jamiyat qurish yo‘lida muhim qadamlardan biridir. “O‘zmilliybank” uchun esa bu — yosh avlod ta’limiga, demakki, mamlakat kelajagiga qaratilgan eng qimmatli sarmoyadir.
Kamola Yusupova,
O‘zA