English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moliya vaziri oʻrinbosari: Joriy yilning sentyabr oyida aholining uch toifasiga bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi
11:33 / 2020-08-27

Mazkur qarorning muhim jihatlari va ahamiyati haqida Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOV soʻzlab berdi.


Dunyoda kuzatilayotgan pandemiyaning yurtimiz aholisi turmush darajasiga salbiy taʼsirini yumshatish, ularni ijtimoiy himoya qilish va koʻmakka muhtoj oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 26-avgustida qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham buning yorqin isbotidir.

Mazkur qarorning muhim jihatlari va ahamiyati haqida Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod SULTONOV soʻzlab berdi.

“Bir oy oldin Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra kam taʼminlangan va himoyaga muhtoj odamlarga keng koʻlamli ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Unga koʻra, “Temir daftar” ga kirgan oilaning har bir aʼzosiga 220 ming soʻm tarqatish belgilanib, 400 milliard soʻm ajratildi. Agarda bir oilaga oʻrtacha bir million pul berilgan boʻlsa, 400 mingga yaqin oilaga koʻmak berildi.

Endi esa 16 yoshga toʻlmagan bolalarga eʼtibor qaratildi. Yaʼni joriy yilning sentyabr oyida aholining uch toifasiga bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi. Moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatga kiritilgan oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalariga, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalar, nogironligi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan bolalarga. Har bir 16 yoshga toʻlmagan bola uchun 500 ming soʻmdan beriladi. Agarda oilada uch nafar bola boʻlsa, ularning har birga 500 ming, jami bir yarim million ajratiladi..

Prezidentimiz nomidan beriladigan bu mablagʻ 810 mingdan ortiq moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

16 yoshgacha boʻlgan bu bolalarning roʻyxati vazirlik huzuridagi Pensiya jamgʻarmasida mavjud. Shuning uchun bu ortiqcha muammo boʻlmaydi. Bir martalik toʻlovlar oylik pensiya va nafaqa miqdoriga qoʻshib toʻlab beriladi. Naqd pulda oluvchilarga bir martalik yordam nafaqa va pensiyaga qoʻshilgan holda Xalq banki orqali manzilga yetkazib beriladi. Plastik kartochkadan foydalanuvchilarga plastikka qoʻshib hisoblab beriladi.”

Qayd etish kerakki, ayni vaqtda ayrim tashkilot xodimlarini grippga qarshi emlash nazarda tutilgan. D.Sultonovning maʼlum qilishicha, avvallari byudjét mablagʻlari hisobidan Mehribonlik uylari xodimlari emlanardi. Hozirgi pandemiyani hisobga olib, bir yarim million nafar ishchi -xodimni tekinga emlash rejalashtirilgan. Ular maktabgacha taʼlim, maktabda taʼlim beruvchilar va sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari.