Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ijtimoiy siyosat amalga oshirib kelinmoqda, aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etildi. Mazkur tizim davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar va oluvchilar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.
Parlament quyi palatasining majlisida Davlat dasturining joriy yil to‘qqiz oylik yakunlari bo‘yicha hisobot muhokamalari davomida deputatlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar, ehtiyojmand oilalarni aniqlash mezonlari bilan qiziqdi. Bunga moliya vaziri Timur Ishmetov javob berar ekan, aholini ijtimoiy nafaqalar bilan ta’minlash qamrovi keskin oshib borayotganini ta’kidladi:
— So‘nggi 3 yilda ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish, nafaqalar bilan ta’minlash qamrovi keskin oshdi. Masalan, 2019 yilda 600 mingga yaqin oila ijtimoiy nafaqalar olgan bo‘lsa, hozirgi kunda ular soni 2 milliondan oshdi. Bu O‘zbekistondagi oilalarning 25-26 foizi deganidir.
bugungi kunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” doirasida ishlar olib borilmoqda. 2021 yildan boshlab minimal iste’mol xarajatlari mezoni kiritildi. 2022 yildan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bu minimal iste’mol xarajatlar mezon qilib olindi. Ya’ni, oilaning daromadi oila a’zolarining jon boshiga hisoblaganda, minimal iste’mol xarajatlardan kam bo‘ladigan bo‘lsa, ularga ijtimoiy nafaqa belgilanadi va yagona reyestrga qabul qilinadi.
2026 yilgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni yanada takomillashtirib borishni maqsad qilganmiz. Bu borada o‘rganishlar olib borilmoqda. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga haqiqatan ham ehtiyojmand oilalar kiritildimi-yo‘qmi, degan ma’noda hududlarda o‘rganish ishlari olib borilyapti. Ammo ayrim ehtiyojmand deya reyestrga kiritilgan oilalar aslida ehtiyojmand emasligiga guvoh bo‘linyapti yoki aksincha, ehtiyojmand bo‘lgan oilalar reyestrga kirmay qolgan. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi o‘rganishlarni olib borib, tartiblarni qat’iylashtirishimiz lozim, — dedi moliya vaziri Timur Ishmetov.
M.Komilova, O‘zA