Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Moliya bozorini rivojlantirish - iqtisodiyotning muhim omili
23:18 / 2022-03-25

Bank sohasi mutaxassislari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Moliya bozori - kapital bozorini rivojlantirishning harakatlantiruvchi omili” mavzusidagi panel munozarasida ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston moliya bozorida qator muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, fond bozori aylanmasini joriy etish orqali iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni 200 million AQSH dollaridan 7 milliard dollargacha oshirish, davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklarida transformatsiya jarayonini yakunlash, 2026 yil oxiriga qadar bank tizimi aktivlarida xususiy sektor ulushini 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bunda tijorat banklarida transformatsiyani jadallashtirish, subsidiyali kreditlashdan voz kechish, banklarning moliyaviy vositachi sifatidagi rolini oshirish orqali davlat ulushiga ega tijorat banklarini faol ravishda zamonaviy institutlarga aylantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zA muxbiri anjuman ishtirokchilarining ayni mavzuga oid fikrlarini yozib oldi.

Abrorxo‘ja Turdaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari:

- Mamlakatimizda banklar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kapital bozorini rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Xorijiy investor bozorga kirishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. bugungi kunda fuqarolar omonatlari 100 foiz muhofazalangan. Xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, investor huquqini har qanday firibgarlik va yolg‘ondan himoya qilish borasida ham ish olib borilmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kapital bozori yanada rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Kelgusida milliy bozorni rivojlantirish, tartibga solish, infratuzilmani, moliya bozorining mavjud vositalarini takomillashtirish, xalqaro moliya institutlarini jalb qilish uchun mintaqaviy investitsiya moliya markazini tashkil etish nazarda tutilgan.

Buning uchun bugungi kunda bank tizimini avtomatlashtirish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi yangi zamonaviy usullar joriy etilmoqda. Albatta, moliya bozorini tartibga solish oson emas. Trendlar doimo o‘zgarib boradi. Natijada moliyaviy vositalar doirasini kengaytiradigan yangi tendensiyalar va mahsulotlar paydo bo‘ladi.

Syuzanna Gaburi, OTB Xususiy sektor operatsiyalari departamenti bosh direktori:

- O‘zbekistonga ilk bor 1993 yil kelganman. Mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, jumladan, moliya bozorini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini hayajon bilan kuzatyapmiz. Shu bilan birga moliya bozori samarali ishlashi uchun turli xil vositalar, nou-xaularni joriy qilish kerakligini ham nazarda tutish lozim. Xususiy sektor moliyadan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi zarur. O‘zbekistonda bu borada hukumat tomonidan izchil yordam ko‘rsatilayotgani quvonarli. O‘z navbatida, biz ham yordam ko‘rsatish, tajriba almashishga tayyormiz. Moliya bozori kun sayin globallashib, texnologik va aqlli tus olib bormoqda. Baribir, bunda xalq ishonchi doimo muhim.

Dmitriy Zalesskiy, KPMG investitsiyalar va kapital bozorlari direktori:

- Mamlakat taraqqiyotida kapital bozorini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Ayni masala faqat bank sektorini rivojlantirishga asoslanishi kerak emas. Buning uchun investorlarni jalb qilish, xalqaro standartga javob beradigan infratuzilma yaratish, nafaqat yirik bozor ishtirokchilari, balki oddiy aholi ishonchini qozonish ham muhim. Odamlar mahalliy bozorga ishonishlari kerak.

Umut Shayaxmetova, Qozog‘iston “Xalq Bank” boshqaruvi raisi va direktorlar kengashi a’zosi:

- Jamoamiz O‘zbekistonga sarmoya kiritish yo‘lida ilk qadamlarni qo‘ydi. Banklarni xususiylashtirish va boshqaruvda davlat ulushini kamaytirish, aholi ishonchini qozonish bizning sohada juda muhim. Zero, aksiyadorlarning aksariyat qismi kichik tashkilotlardir. O‘zbekistonda kelajakka nekbinlik bilan qarash imkonini beruvchi ulkan imkoniyatlar yaratilgan.

Sessiyada, shuningdek, mobil banking, moliyaviy xizmatni raqamlashtirish, fintech innovatsiyalari va ilg‘or texnologiyalar, bank xizmatining kapital bozoriga keng ko‘lamda kirishini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA