Moldova aholisi G‘alaba kuni georgiy tasmasini olib yursa jarimaga tortiladi, dedi jurnalistlarga bosh vazir Dorin Rechan.
“IIV barcha zaruriy reglamentni tayyorlaydi, keyin qonunga amal qilmaganlarni qanday hujjatlashtirish va qanday jazo belgilash haqida ma’lum qiladi. Shuni ta’kidlamoqchimanki, bu ramzlar taqiqlangan, uni foydalanganlar jazoga tortiladi”, – dedi u.
Rechanning ta’kidlashicha, politsiya kimni va qanday jarimaga tortish bo‘yicha xodimlariga yo‘riqnoma beradi. Politsiyaning bosh inspektorati bayram arafasida taqiqlangan ramzlarni olib yurish uchun qancha miqdorda jarimaga tortilishini aytadi. O‘tgan yil aprelda Moldova hukumati georgiy tasmasi va V va Z (Rossiyaning Ukrainadagi maxsus amaliyotini qo‘llab-quvvatlashning norasmiy ramzi) belgilariga taqiq qo‘ygandi.
Georgiy tasmasi uchta qora va ikkita to‘q sariq chiziqdan iborat. Bu ramz Rossiya imperiyasi, SSSR va Rossiya harbiy mukofotlarining tarkibiy qismiga kiradi. 2005 yilda RIA Novosti agentligi tashabbusi bilan u Ulug‘ Vatan urushi g‘alabasining ramziga aylantirildi.