Moldovaning sobiq bosh vaziri, "Harakat va birdamlik" partiyasi yetakchisi Mayya Sandu mamlakat prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi bosqchida g‘alaba qozongani haqida O‘zA xabar bergan edi.
Respublika Markaziy saylov komissiyasi barcha varaqalarni ko‘rib chiqqach, ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Sandu 57,75, uning raqibi — amaldagi prezident Igor Dodon esa 42,25 foiz ovoz to‘plagani ma’lum qilindi.
MSK raisi o‘rinbosari Vladimir Sharban saylov davomida hech bir jiddiy qoidabuzarlik kuzatilmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
Mayya Sandu Moldova prezidenti saylovlarida g‘alaba qozongandan keyingi dastlabki telefon orqali muloqotini Ruminiya davlati rahbari Klaus Yoxannis bilan o‘tkazdi va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini izhor qildi.
“Mayya Sandu prezidentlik lavozimini egallagach, Ruminiya bilan aloqalarni tiklash va mustahkamlash uchun muntazam sa’y-harakat olib boradi” – deyilgan Sandu rahbarligidagi "Harakat va birdamlik" partiyasi matbuot xizmati xabarnomasida.
Sandu o‘z navbatida prezident Yoxannisga qutlov yo‘llagani uchun minnatdorlik bildirdi va davlatlararo munosabatlarni strategik sheriklik va Yevropa bilan integratsiyalashuv jarayonini faollashtirish orqali yangi bosqichga ko‘tarishga tayyorligini ta’kidladi.
OAV xabariga qaraganda, Igor Dodon mag‘lubiyatini tan olib, raqibini g‘alabasi bilan tabriklagan.
"Natijalar Mayya Sandu g‘olib chiqqanini ko‘rsatmoqda. Men uni dastlabki yutug‘i bilan qutlayman, ammo saylov jarayonidagi so‘nggi nuqta qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlar tekshirib chiqilgandan keyingina qo‘yiladi", – dedi Dodon brifing chog‘ida.
Aytilishicha, uning shtabi respublika prezidentligi saylovi jarayonida son-sanoqsiz qoida buzilishi sodir bo‘lganini qayd etgan.
Igor Dodon o‘zini qo‘llab-quvvatlagan insonlar ovozini himoya qilish burchi ekanini e’tirof etgan.
"Biz ovoz berish natijalarini tekshirish uchun mavjud barcha qonuniy imkoniyatlardan foydalanamiz. Saylovda meni yoqlab ovoz bergan fuqarolar qarorini hurmat va muhofaza etishim shart", – dedi Dodon.
Amaldagi prezident o‘z lavozimi majburiyatlarini 23 dekabrgacha bajarishda davom etishini ta’kidladi. Shundan so‘ng, agar Konstitutsiyaviy sud saylov natijalarini haqqoniy, deb topsa, Sanduning inauguratsiyasi o‘tkazilishi mumkin. Shuningdek, Dodon mamlakat hali pandemiya qurshovida ekanligini eslatib, shu munosabat bilan siyosatchilarni saylov kampaniyasidan keyin tinchlikni saqlash va darhol ishga qaytishga chaqirdi.
E’tiborga molik jihati shundaki, mazkur brifingda Moldovaning amaldagi prezidenti Igor Dodon o‘zini yoqlab ovoz berganlardan ham, Sandu tarafdorlaridan ham norozilik namoyishiga chiqmasliklarini so‘radi.
"Men o‘zimning barcha tarafdorlarimdan turli fitnalarga uchmaslik va ko‘chalarga chiqmaslikni iltimos qilaman. Qolaversa, Mayya Sanduga ham o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga, ko‘chalarga chiqmaslikka undashini so‘rab, murojaat qilaman. Barchani xotirjamlikka chaqiraman, bizga vaziyat izdan chiqishi kerak emas. Shu bilan birga saylov natijalariga nisbatan norozilik jarayonida ham barcha qonuniy bosqichlardan o‘tishimiz zarur", – deya qo‘shimcha qilgan Dodon.

G‘ayrat XONAZAROV, O‘zA