Moldova hukumati 2025-2035 yillarga mo‘ljallangan harbiy strategiyani tasdiqladi. Mamlakat Bosh vaziri Dorin Rechan aytishicha, hujjat mudofaa byudjeti miqdori, harbiy xizmatchilar va fuqarolik mutaxassislari sonini bosqichma-bosqich oshirish, texnologiyani takomillashtirish hamda sohani xalqaro standartga moslashtirish nazarda tutilgan.
– Harbiy strategiya bir ovozdan qabul qilindi, – dedi Rechan hukumat yig‘ilishida. – Biz milliy armiyamizni rivojlantirish, vatanimizni himoya qilish, global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shishda davom etamiz.
Yig‘ilish Vazirlar Mahkamasi sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Strategiyaning tushuntirish xatida Qurolli kuchlarni rivojlantirishga qaratilgan 18 ustuvor yo‘nalish belgilangani ta’kidlangan.
Hukumat armiyani tashkiliy va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish bilan birga, o‘tgan yil oxirida qabul qilingan mudofaa strategiyasida rejalashtirilganidek, mudofaa byudjetini yalpi ichki mahsulotning 1 foizigacha bosqichma-bosqich oshirishni mo‘ljallayapti. Havo kuzatuvi va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini, kiber mudofaa va elektron urushni rivojlantirish, shuningdek ta’lim va moddiy-texnik ta’minotni yaxshilash ustuvor vazifalardan bo‘ladi.
Hujjat Moldova mudofaa sektorini Yevropa Ittifoqi standartiga yaqinlashtirish, BMT, YeXHT, YeI shafeligidagi xalqaro missiyalarda ishtirok etishni nazarda tutadi. Shuningdek, harbiy salohiyatni rivojlantirish davlatning betarafligini hurmat qilgan holda amalga oshirilishini ta’minlaydi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Moldova neytral davlat. Shunga qaramay, mamlakat 1994 yildan beri NATO bilan alohida reja asosida hamkorlik qilib kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA